O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Teatr va kinodramaturgiya kengashining 2025-yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yillik hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid, O‘zbekiston xalq shoiri, uyushmaning Teatr va kinodramaturgiya kengashi rahbari Usmon Azim va boshqalar mazkur kengash faoliyati xususida batafsil so‘z yuritdi.
E’tirof etilganidek, o‘tgan yil davomida Teatr va kinodramaturgiya kengashiga kelib tushgan asarlar mukammal o‘rganildi. Jumladan, Obidjon Ro‘ziboyevning “Hayot daraxti”, Karomat Dilmonovning “Turon hoqoni” pesasi, “Dengiz devi” (Aleksandr Belyayevning “Odam amfibiyasi” romani asosida) inssenirovkasi, Moris Meterlinkning “Moviy qush” pesasi (tarjimon A.Fayzullayev), Vudi Allanning “Quvlayotganlar va qochayotganlar” (tarjimon Sh.Niyozmetova) kabi pesalar tarjimasi ko‘rib chiqildi. Mualliflarga yozma tavsiya va taqrizlar berildi.
2025-yilning yanvar oyida san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor, dramaturg Ma’mur Umarov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari tomonidan bolalar, o‘quvchi va talabalarning yoshi, qiziqishlari, ta’lim va tarbiya olishi, ijodiy va intellektual rivojlanishini inobatga olib yaratilgan 10 ta pesa saralab olindi va kengash tomonidan tegishli saytlarga e’lon qilindi.
Hukumat qarori bilan «Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot to‘g‘risida» hamda «Yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot to‘g‘risida»gi nizomlar tasdiqlandi.
Mazkur nizomlarga ko‘ra, mukofot g‘oliblarini aniqlash uchun har 2 yilda bir marotaba tanlov o‘tkaziladi. Mukofotlar bilan rejissura va dramaturgiya sohalarida faol ijod qilayotgan rejissyor va dramaturglar teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga qo‘shgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi. G‘oliblarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti hamda diplom va statuetkalar beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiyning asarlari asosida spektakllar yaratish, respublika teatrlarida hamda chekka hududlarda ko‘chma teatr tomoshalarini tashkil etish maqsadida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan asarlar yaratilishiga e’tibor qaratildi. Shuningdek hukumat topshiriqlarida belgilanganidek, qatag‘on qurbonlari hayotiga bag‘ishlangan 20 ga yaqin pesa kengash tomonidan tavsiya etildi.
Kengash a’zosi Maftuna Muhammadaminova loyihasi asosida “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Kaligula” va “Karkidon” nomli 2 jildlik absurd dramalari to‘plamlari nashr qilindi va may oyida taqdimoti o‘tkazildi.
[gallery-27739]
Kengash yil davomida O‘zbekiston Kinematografiya agentligining “Tirik tarix” loyihasi doirasida yozilgan “Shiroq jasorati”, “Temurbeklar maktabi”, “Fayzulla Xo‘jayev. Tegirmon”, “Pomir tog‘lariday yuksak”, “Usmon Nosir”, “Qaydasan, Vatan”, “Turkiston bahodirlari”, “Sehrli nay”, “Paxta. O‘zbek ishi”, “Farhod va Shirin”, “Alisher Navoiy” singari 20 ga yaqin sinopsislar, hujjatli va badiiy film ssenariylariga taqrizlar taqdim etildi.
Sentyabr oyida Parkent ijod uyida bo‘lib o‘tgan “Nigoh” yosh teatr ijodkorlari seminarida kengash a’zolari hay’at a’zosi sifatida qatnashdi. Tanlovda uyushma a’zosi, yosh dramaturg Go‘zaloy Matyoqubova va rejissyor R.Tog‘ayqulovning “Humoy” loyihasi g‘olib deb topildi.
Yig‘ilishda uyushmaning Teatr va kinodramaturgiya kengashining istiqboldagi rejalari belgilab olindi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (surat), O‘zA