Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Teatr sari yana bir qadam
10:02 / 2024-03-25

Mamlakatimizda "Teatr tomoshalari haftaligi" qizg‘in ruhda o‘tmoqda. Ijodiy jamoalar o‘zlarining eng sara spektakllarini tomoshabinlarga taqdim qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining "Teatr tomoshalari haftaligi" loyihasi tomoshabinlarga yurtimiz teatrlarining eng yaxshi spektakllaridan bepul bahramand bo‘lish imkonini berayotgani bilan ahamiyatli.  

Garchi, spektakl uchun sotilayotgan chiptalar narxi qimmat bo‘lmasa-da, ushbu haftalik aholini tobora ko‘proq teatrga jalb etish, eng yaxshi sahna asarlardan tomoshabinlarning bahramand bo‘lishi uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.

Haftalik doirasida O‘zbekiston davlat drama teatrida Jan Koktoning "Senga intizorman" spektakli namoyish etildi. Rasuljon Tog‘ayqulov tomonidan sahnalashtirilgan ushbu spektakl  sof insoniy tuyg‘ularning go‘zalligi bilan tomoshabinlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

– Bunday haftaliklar ko‘proq bo‘lishini istardik, - dedi Muxlisa Akbarova. – To‘g‘risi, teatrga hamma ham kundalik tashvishlaridan ortib kelavermaydi. Lekin bugun teatrga kelishga baribir vaqt topish zarurligini angladim. Hordiq olasiz, hayotga  boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaysiz.

– Agar imkonim bo‘lganida teatrga tez-tez kelardim, - deydi Muxtabar Shomurodova. –  O‘zbek Milliy akademik teatrida "Usmon Nosir" spektaklini ko‘rdik. Shoir hayotining naqadar og‘ir kechganiga shu spektakl orqali guvoh bo‘ldik.

Aytish kerakki, haftalik doirasida O‘zbekiston Yosh tomoshabinlar teatrida "Game over” spektakli taqdim etildi. Bolalarni internet, kompyuter va  smartfonlarga qaramlikdan ogoh etuvchi ushbu spektakl yosh tomoshabinlar va kattalar uchun ham  birdek foydalidir.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrining "Aida" spektaklini ko‘rish uchun esa turnaqator navbat edi...

Ha, ushbu haftalik bahonasida kimdir umrida birinchi marta teatr ostonasiga qadam qo‘ydi, unga yaqinlashdi. Kimdir esa tomosha san’atidan yana bir bor bahramand bo‘ldi.

Bularning barchasi teatr san’atini xalqimizga taqdim etish borasidagi amaliy ishlar natijasidir.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA