Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Teatr sahnasida – “Behbudiy”
11:00 / 2025-05-23

Samarqand viloyati musiqali drama teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan sahnalashtirilgan “Behbudiy” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.

Yozuvchi va dramaturg Farmon Toshev qalamiga mansub “Mahmudxo‘ja Behbudiy” dramasi asosida rejissyor Farhod Boynazarov tomonidan sahnalashtirgan spektaklda Mahmudxo‘ja Behbudiyning Turkiston muxtoriyatini tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlari va jadidlar yetakchisi sifatida ilm-fan, ta’lim-tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish borasidagi ishlari hamda chor hukumatining unga ko‘rsatgan qarshiliklari ochib berilgan.

[gallery-23527]

Spektakldagi asosiy rollarni teatrning tajribali aktyorlari bilan birga iste’dodli yoshlar ijro etgan.

 Sahna asari namoyishidan so‘ng ijodkorlar, Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari va Behbudiy avlodlari so‘zga chiqib, teatr jamoasi va tomoshabinlarni yangi asar bilan tabrikladi. Spektaklni tayyorlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

– Prezidentimizning 2024 yil 27 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, bu yil yurtimizda bobomiz, Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda, – deydi allomaning evarasi Shohrux Behbudiy. – Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi asosida shu yil yanvar oyida Samarqand shahrida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilgandi. Bobomiz asos solgan Samarqand viloyati teatri esa “Behbudiy” spektaklini sahnalashtirib, yubileyga o‘ziga xos sovg‘a tayyorladi. Dramani yaratish jarayonida asar muallifi F.Toshev va rejissyor F.Boynazarov biz bilan bamaslahat ishladi, bobomiz haqida ayrim ma’lumotlarni so‘rashdi va shu asosida spektakl yanada boyitildi. Shuningdek, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi xodimlari ham ularga yaqindan yordam berdi. Bugun spektaklni ko‘zda yoshda bilan tomosha qildik va asar ijodkorlari, tashkilotchilardan minnatdormiz.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari