Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Teatr – millat ruhiyatining tirik timsoli
16:25 / 2025-07-25

Zamonlar o‘tib, texnologiyalar taraqqiy etar ekan, san’atning ayrim turlari jamiyat hayotidan siqilib chiqayotgandek tuyiladi. Ayniqsa, teatr san’ati bugungi kundagi raqamli axborot oqimlari, kino va shou-biznesning soyasida qolayotgani achinarli. Teatr – qadimiy, betakror va tiriklik bilan uyg‘un san’at. U inson qalbi, tafakkuri va jamiyat tafsilotlarini eng ta’sirli tarzda aks ettira oladigan vositadir.

Bugun tomoshabinlar e’tibori asosan ko‘ngilochar kontentlarga qaratilgan bir paytda, ba’zi teatrlar hatto bepul spektakl sahnalashtirsa ham zallarning to‘lishi qiyin kechayotgani sir emas. Bu holat esa teatrlarning tub mohiyati va ijtimoiy rolini yana bir bor qayta baholashga undaydi.

Teatr san’ati ildizi qadimgi Yunoniston va Hindiston mamlakatlariga borib taqaladi. Ilk davrlarda u “Mahobhorat”, “Ramayana” kabi eposlar asosida sahnalashtirilib, inson qalbiga ezgulik va haqiqatni singdirishga xizmat qilgan. Keyinchalik teatr g‘arb va sharq sivilizatsiyasida shakllanib, jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylangan. 

Manbalarga ko‘ra, sharqda teatr san’atining ildizlari ko‘pchilik o‘ylagandek faqat XIX–XX asrlarda emas, balki Temuriylar davrigacha borib taqaladi. Jadidlar harakati esa teatrni yangi bosqichga olib chiqdi. Murojaatchilik uslubi, obrazlar orqali tanqid va targ‘ibot – bularning barchasi teatr orqali ommaga yetkazildi. Bu yo‘lda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy kabi ma’rifatparvarlar katta hissa qo‘shgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” asari esa jadid teatrining ilk namunasi sifatida tarixga kirdi. Mazkur sahna asarida faqat syujet emas, balki butun bir xalq taqdirining in’ikosi gavdalanadi. 

Jadidlar nazarida teatr – xalqni uyg‘otish, ma’naviy tiklanish, adolat va o‘zlikni anglash sari boshlovchi vosita edi. Aynan shu sababli teatr sahnasida jiddiy ijtimoiy va axloqiy masalalar ko‘tarilgan, xalqni ogohlik sari yetaklagan. 

Bugungi globallashuv davrida ham teatr san’ati faqatgina sahnadagi tomosha emas, balki xalq ma’naviyatining ko‘zgusi, tarixiy xotiraning tirik ifodasi, yoshlar tarbiyasining muhim vositasiga aylanishi kerak. Shu bois ham davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan PQ-399-sonli qaror aynan shu ustuvorliklarni amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Qarorga muvofiq, har yili milliy va jahon dramaturgiyasi namunalarini sahnalashtirish uchun davlat buyurtmalari asosida 10 ta zamonaviy spektakl tayyorlanadi. Ayniqsa, milliy tarix, ma’naviyat va istiqlol g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan sahna asarlari teatrlar repertuarlarida asosiy o‘rinni egallaydi. Shuningdek, nodavlat teatr jamoalarini rag‘batlantirish maqsadida ularga ham davlat buyurtmalari asosida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi. 

2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dastur asosida teatr binolari kapital ta’mirdan chiqariladi. Ularning sahna texnologiyalari zamonaviy akustika, yoritish, ovoz kuchaytirish, va raqamli qurilmalar bilan to‘liq jihozlanadi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan tomoshabinlar, yosh bolalar va keksa kishilar uchun ham qulayliklar yaratilib, teatrlarning ommabop muhitda faoliyat yuritishi ta’minlanadi. 

Teatr san’atining taraqqiyoti, avvalo, ijodiy salohiyatni rag‘batlantiish bilan chambarchas bog‘liq. Shu maqsadda Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi dramaturglar mukofoti joriy etiladi. Yosh rejissyorlar orasida “Bahodir Yo‘ldoshev” nomli tanlov tashkil etiladi. Har yili ijodiy “Nigoh” loyihasi doirasida rejissyor, dramaturg, rassom va kompozitorlar hamkorligida yangi spektakllar sahnalashtiriladi. Iqtidorli teatr xodimlari xorijiy tajriba almashinuvida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Zamonaviy chiptalar tizimi joriy qilinib, tomoshabinlarga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Ta’lim muassalarida teatr studiyalari tashkil etilishi, teatr festivallari va tanlovlar yosh avlodni sahna san’atiga yaqinlashtiradi.

Shuningdek, 27 mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan har yili keng ko‘lamli madaniy tadbirlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Qarorda ushbu sohadagi fidoyi ijodkorlarni yuksak davlat mukofotlariga tavsiya etish tartibi ham aniq belgilab qo‘yilgan. 

Teatr – bu ruh tarbiyachisi, so‘z va sahna orqali jamiyatga ta’sir ko‘rsatuvchi qudratli vosita. Mazkur qaror nafaqat teatrlarning moddiy-texnik imkoniyatlarini oshirish, balki sahna san’ati orqali milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish, yoshlarni barkamol etib tarbiyalash yo‘lida muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tomoshabin ishonchini qozonish, ularni teatrga qaytarish uchun avvalo sahna asarlariga mavzu va badiiy jihatdan zamonaviylik bilan yondashish zarur. Har bir spektakl – bu jamoaviy badiiy ijod mahsuli sifatida jamiyat ma’naviy qiyofasiga ta’sir ko‘rsatuvchi, inson qalbiga yetib boradigan, hayotiy, samimiy va ijobiy ma’noda o‘zgartiruvchi kuchga ega bo‘lishi lozim. 

O‘zbek xalqi ko‘nglida chuqur ildiz otgan bu san’at turining bugun va ertasi unga bo‘lgan e’tiborimiz, yondashuvimiz va ishonchimiz bilan chambarchas bog‘liq.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA