Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Teatr fidoyilari sharaflandi
09:46 / 2024-03-28

“Tomosha” bolalar teatr studiyasida sahna san’ati fidoyilarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi madaniyat va san’atni rivojlantirish sho‘basi mudiri Nodirbek Sayfullayev, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov ishtirok etdi.  

– Teatr har doim buyuk g‘oyalar tug‘iladigan, chegaralar yengib o‘tiladigan va stereotiplar yo‘q qilinadigan joy bo‘lib qolsin, –  dedi vazir o‘rinbosari Avazxon Tojixonov. – Teatr fidoyilariga mamlakatimiz va butun dunyo madaniy hayotiga qo‘shgan hissalari uchun rahmat aytamiz.  

Har yilgi an’anaga ko‘ra, yurtimizdagi davlat teatrlarida samarali faoliyat yuritayotgan 41 nafar soha xodimlari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.  

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Masxaraboz shou” tomoshasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatridan opera ijrosi, O‘zbek davlat drama teatrining “Romeo va Juletta” spektaklidan parcha, “Tomosha” guruhining raqs kompozitsiyasi, Rus drama teatrining chiqishi, Shohida Usmonovaning “Sahnam qo‘shig‘i" kabi chiqishlar namoyish etildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan Xalqaro teatr kuni O‘zbekistonda ham keng nishonlanib kelinadi. 

Jumladan, davlat teatrlarida har yili 21–27-mart kunlari “Teatr tomoshalari haftaligi” o‘tkazilib, “Ochiq eshiklar kuni” e’lon qilinadi.  Davlat teatrlarida tashkil etilayotgan barcha tadbirlarga tashrif buyurish mutlaqo bepul amalga oshiriladi.  

O‘zbekistonda jami 41 ta teatr mavjud. 2023-yil davomida teatrlar tomonidan 150 ga yaqin turli mavzu va turli janrdagi spektakllar sahnalashtirilib, vazirlik huzuridagi teatrlar faoliyati bo‘yicha Badiiy kengash tomonidan teatr repertuarlariga qabul qilingan.  

Teatrlarda namoyish etilayotgan spektakllarga 2023-yil davomida 3,2 million nafar tomoshabin qamrab olingan. 2024-yilda bu ko‘rsatkichni 3,6 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan.  

Tadbir samimiy va baland ruhda o‘tdi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA