Ma’lumki, Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi jismoniy va yuridik shaxslarga beg‘araz yuridik maslahatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirib kelmoqda.
O‘tgan bir yil davomida 1 ming 890 nafar fuqaro Yuridik klinikaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali, 760 nafar fuqaro esa Yuridik klinikaga bevosita kelib yuridik yordam olgan.
Xo‘sh, bu davrda fuqarolarga asosan qanday turdagi yuridik ko‘maklar berildi? Bu boradagi savollarga Yuridik klinika xodimi Muxriddin Shamsiddinov javob berdi.
– Faoliyat davomida 1 ming 890 nafar fuqarolarning 380 nafariga, tegishli tashkilotlarga ariza, da’vo ariza, shikoyat va iltimosnoma loyihalari tayyorlab berildi. 165 nafar Yuridik klinika volontyor talabalari klinika mutaxassislari va o‘qituvchilar bilan birgalikda fuqarolarga bepul malahatlar berib, yuridik hujjat loyihalarini tayyorlab berdi.
Bular asosan universitetning ikkinchi va uchinchi kurs talabalari bo‘lib, ular klinikadagi onlayn va offlayn murojaatlar bilan ishlash, seminar-treninglar va sayyor qabullarda ishtirok etish hamda ommaviy axborot vositalarida aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga oid faoliyatlari davomida o‘zlarining amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirib kelmoqda.
Yuridik klinika tomonidan talabalarning nazariy olgan bilimlarini yanada mustahkamlash, fuqarolarga huquqiy asoslantirilgan javob berishni ta’minlash maqsadida universitet o‘qituvchilari hamda amaliyotchi mutaxassislarni jalb etgan holda 84 ta seminar-trening o‘tkazildi. Shuningdek, Yuridik klinika faoliyati uchun zarur hujjatlar to‘plami tayyorlanib, 50 nusxada chop etildi.
Qolaversa, bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblangan “Bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish tartibi” bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratilib, 150 nusxada chop etildi hamda mahallalarga tarqatildi. Shu bilan birga jinoyat, fuqarolik, uy-joy, mehnat, oila masalalari bo‘yicha aholi uchun savol-javoblar to‘plamlari tayyorlandi va chop etildi.
Shu bilan birga fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida O‘zbekiston milliy axborot agentligining rasmiy saytida huquqiy savol-javob shaklida oltmishga yaqin postlar e’lon qilindi. “Yangi O‘zbekiston” nashrida ham ellikka yaqin huquqiy mazmundagi videolar e’lon qilindi. Yuridik klinikaning ijtimoiy tarmoqlarida ham 322 ta huquqiy mazmundagi savol-javob hamda video postlar qo‘yib borildi.
Bu davr mobaynida Yuridik klinika aholining huquqiy muammolariga yechim topish maqsadida Toshkent shahri mahallalarida 11 ta, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 1 ta, Surxondaryo viloyatida 1 ta sayyor qabul tashkil etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA