Bugungi kunda mahallalarda aholining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq barcha mahallalarda ham ishsizlarni ishga joylashtirish, ularga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha biznes loyihalari taklif qilish, bu borada huquqlarini tushuntirish bo‘yicha ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.
Aksariyat mahallalarda o‘z biznesini boshglamoqchi, oilasiga moddiy ko‘mak berish istagidagi yoshlar va xotin qizlar ortiqcha mablag‘ning yo‘qligi, biznes layoqatiga ega emasligi yoki bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha tegishli huquqiy yordamga muxtoj bo‘layotganliklari ham sir emas.
Aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan joriy yil 5-yanvardagi qarori ijrosi doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti Toshkent shahri va viloyati, Sirdaryo viloyati mahallalarida, ta’lim muassasalalarida xavfsiz muhitni ishonchli ta’minlash, profilaktik chora-tadbirlar samarali joriy etish, jinoyatchilikni kamaytirish borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda.
Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida har bir mahallada situatsion markazlar tashkil etilgan, bepul huquqiy maslahat guruhlari faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari advokatlik litsenziyasiga hamda mediatorlik sertifikatlariga ega bo‘lgan universitet professor o‘qituvchilari ham mazkur tadbirga jalb etilganligi ham dual ta’limni keng joriy etish, ham aholiga huquqiy maslaxatlar berish, nizolarni sudgacha hal qilishda samarali ishlar tashkil etilgan. Universitet professor o‘qituvchilari, talabalari mahalla maktablarida, texnikumlarda o‘quvchilar uchun fakultativ kurslarda huquqni oddiy tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Shuningdek, uyushmagan va tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan huquqiy targ‘ibot asosida ishlash, mahalla, maktab va texnikumlarda huquqiy tanlovlar, viktorinalar, intellektual o‘yinlarni ham yo‘lga qo‘ymoqdalar. Turli o‘yinga asoslangan huquqqa rioya qilish darslari, simulyatsion mashg‘ulotlar orqali ham davlat rahbari qarorini ijrosini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Universitetning “Tadbirkorlik va korporativ huquq” sho‘’basi tashabbusi bilan mahallalarda yangi loyiha – onlayn biznes-yuridik klinika» joriy etilishi biznesga amaliy huquqiy yordam, tadbirkor yoki biznesga endi qadam qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlar va xotin qizlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
«Onlayn biznes-yuridik klinika» zamonaviy platforma bo‘lib, unda barcha fuqarolar, tadbirkorlar biznes yuritish masalalari bo‘yicha bepul yuridik maslahatlar, tushuntirishlar va tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu oddiy aholining telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali qamrab olishni ko‘zlagan loyiha bo‘lib, sodda va oddiy ishlash mexanizmiga ega. Har bir mahalla, ko‘cha yoki uylarda telegram kanaliga a’zo bo‘lish imkoniyatini yaratadigan QR-kodlar joylashtiriladi. U orqali istalgan shaxs Universitet “Tadbirkorlik va korporativ huquq” sho‘’basi professor-o‘qituvchilari, talabalaridan iborat valanterlar bilan virtual bog‘lanadilar va o‘z savollarini yo‘llaydilar. Savol murakkabligidan kelib chiqib, tezkor javob yoki masalani xal qiluvchi yo‘nalish beriladi.
Odatda ko‘plab biznes egalari odatiy muammolarga duch keladi. Biznes boshlashdagi ikkilanishlar, sarmoya olish uchun murojaatdagi xadik, hamkor bilan kelishmovchilik, noto‘g‘ri tuzilgan shartnoma, kontragentlar bosimi, ro‘yxatdan o‘tishdagi xatolar, bitimlardagi huquqiy tavakkalchiliklar, soliq va kredit muammolari shular jumlasidandir. Aksariyat hollarda esa yetarli huquqiy maslahat olmagan tadbirkorlar oqibatlarni juda kech anglaydilar. Bu esa muammoni chigallashtirib, masala sudgacha yetib borishi yoki moliyaviy zarar yuzaga kelishi mumkin.
«Onlayn biznes-yuridik klinika» aynan shunday holatlarni oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan loyihadir. Loyiha mualiflarining asosiy maqsadi bugun bilan yashash emas, aksincha talabalarning dual ta’lim yo‘nalishida virtual amaliyot maydonini yaratish va uni kengaytirish, real hamda xayotiy keyslarni talabalar bilan hal qilish hisoblanadi.
Bu yerda murojaat qiluvchilar biznes yuritish bo‘yicha yuridik tushuntirishlar, shartnoma va bitimlarni tahlil qilishda yordam, tadbirkorning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar, aholi bandligi bo‘yicha masalalar, korporativ va boshqa nizolar bo‘yicha konsultatsiyalar olishlari mumkin.
Tadbirkorlar bu yerda nafaqat umumiy tushuntirishlar, balki amaliy tavsiyalarni ham oladilar. Bu esa kelgusida zarar kelib chiqishi yoki sud jarayonlariga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini olishga imkon beradi.
TDYUU ushbu yo‘nalishda yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, dual ta’lim imkoniyatlarini oshirish yo‘nalishida “Iqtisodiyot Assambleyasi” va “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumlarini ham imzoladi. Aynan ushbu tashkilotlar bilan mahallalarda biznisni qo‘llab-quvvatlashda turli yo‘nalishlardagi tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha harakatlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga biznesni boshlovchilar, bandlik masalasidagi tushuntirishlarni o‘z ichiga olgan komikslar yaratish bo‘yicha ilk qadamlar tashlandi. Bunday komikslar maktab va texnikum o‘quvchilari hamda aholi turli qatlamlariga moslab ishlab chiqildi.
Jaxongir Yuldashev,
TDYUU “Tadbirkorlik va korporativ huquq” sho‘’basi mudiri