Prezidentimizning Turkiy davlatlar tashkilotining Anqarada bo‘lib o‘tgan favqulodda sammitidagi chiqishiga mahalliy va xorijiy ekspertlar faol munosbat bildirishmoqda.

Marta Kolakoglu, Britaniyaning “Wiley University Services” ta’lim kompaniyasi menejeri:
– Bu yil O‘zbekiston TDTga raislik qilmoqda. Samarqand sammitida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, savdo, yashil iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport, logistika, fan-ta’lim, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning navbatdan tashqari sammitda so‘zlagan nutqi O‘zbekiston turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro yordam va hamjihatlik tamoyilini ilgari surishga qat’iy sodiqligini ko‘rsatadi.
Turkiyada sodir bo‘lgan so‘nggi fojiali voqealar, ayniqsa, qiyin damda birdamlikni shakllantirish va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlikni davom ettirish muhimligini yana bir bor tasdiqladi. TDTga a’zo davlatlarning Turkiyada yuz bergan zilzilaga tezkor munosabati, jumladan, O‘zbekiston tomonidan qardosh turk xalqiga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami turkiy dunyo birligining yorqin namunasidir.

Efgan Nifti, Kaspiy siyosati markazi (AQSH) direktori:
– TDT muhim mintaqaviy tashkilot bo‘lib, tobora Kaspiy dengizi, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari uchun muhim xalqaro platformaga aylanmoqda. Tashkilot a’zolari bir qator tashabbuslarni faol ilgari surmoqda va umumiy manfaatlar yuzasidan fikr almashmoqda. Bu, mening fikrimcha, mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, bojxona faoliyatini tartibga solish doirasida hamkorlikni rivojlantirish uchun juda muhim.
Ayni jarayonda O‘zbekistonning raisligini muhim ahamiyat kasb etadi, chunki AQSH Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar bo‘yicha TDT bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutadi.
Biz ham mintaqa oldida turgan muhim masalalarni muhokama qilish istagidamiz. Umuman, Turkiy davlatlar tashkiloti nafaqat mintaqa miqyosida, balki hamkorlikdan manfaatdor tashqi ishtirokchilar uchun ham qulay hamkor bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman.

Yoanna Marshalek-Kava, Nikolay Kopernik nomidagi universitet Siyosiy tashkilotlar kafedrasi mudiri, professor:
– Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama muloqot rivojlanib borishi ushbu platformaning samaradorligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Xususan, O‘zbekiston a’zo va kuzatuvchi davlatlar bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Mamlakat Prezidenti o‘tgan yil davomida Turkiya, Vengriya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston rahbarlari bilan bir necha bor uchrashuv o‘tkazgani umumiy faoliyatni yangi mazmun bilan boyitdi.
Tashkilot doirasidagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etish, savdo, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiya va yuqori texnologiyalar transferi sohalarida qo‘shma tashabbus, loyihalar ilgari surilmoqda. “Turk dunyosi nigohi-2040” konsepsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, TDT makonida 2023 yilni “Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili” sifatida e’lon qilish tashabbusi yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston Prezidentining tashkilot faoliyatini ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha, ya’ni siyosat va xavfsizlik, savdo va sarmoya, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, axborot texnologiyalari, sayyohlik, innovatsiya va ta’lim, tibbiyot, yoshlar siyosati kabi sohalardagi institutsional islohotlarga doir takliflari ham hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Albatta, so‘nggi paytda turli mamlakatlarda kuchayib borayotgan mojarolar turkiy dunyoning umumiy xavfsizligiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.
Umuman, tashkilot faoliyati bo‘lajak xalqaro va mintaqaviy tadbirlar uchun ham ikki tomonlama, ham ishtirokchi-davlatlarning ko‘p tomonlama munosabati nuqtai nazaridan asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zA