Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida yashil energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanganini olqishladi. Bu qaror 7 oktyabr kuni Gabalada bo‘lib o‘tgan TDT 12-sammitida qabul qilingan Gabala deklaratsiyasida aksini topgan.
Mazkur bitimda Yevropaga qayta tiklanadigan energiya eksportini ta’minlash uchun “Markaziy Osiyo – Ozarbayjon yashil energiya yo‘lagi” yaratilishi nazarda tutilgan. Deklaratsiya boshqa a’zo davlatlarni tashabbusda ishtirok etishga chaqiradi:
– Biz boshqa a’zo davlatlarni mintaqaviy energiya aloqalarini mustahkamlash uchun ushbu tashabbusda ishtirok etish imkoniyatini o‘rganishga undaymiz.
Anjumanda yana bir qator yirik mintaqalararo loyihalar amalga oshirilishini jadallashtirish ma’qullandi.
– Biz Zangezur yo‘lagini ishga tushirish va rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, – deyilgan hujjatda. – Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘li salohiyatini maksimal darajada oshirishga sodiqligimizni tasdiqlaymiz. Shuningdek, Transkaspiy xalqaro Sharq – G‘arb yo‘lagi va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo tizimini diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlaymiz.
M.Pirmatova, O‘zA