Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TDT sammiti: O‘zbekiston tashabbuslariga yuqori baho berildi
20:37 / 2025-10-10

Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida xorijiy ekspertlar va rasmiy vakillar ishtirokchi-mamlakatlar tomonidan taqdim etilgan tashabbuslar hamda loyihalarni, xususan O‘zbekistonning turkiy birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli sohalarda qo‘shma dasturlarni rivojlantirishdagi muhim hissasini yuksak baholadi.

Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev anjuman yuqori darajada tashkil etilganini ta’kidladi va davlatlarimiz yetakchilari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning strategik ahamiyatini qayd etdi:

– O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari o‘rtasidagi munosabat juda mustahkam va ishonchli bo‘lib, hamkorlikning tanlangan yo‘li to‘g‘riligiga ishonch baxsh etadi. O‘tgan uchrashuvdan juda mamnunmiz, muhokamalar mazmunli va konstruktiv ruhda o‘tdi. Yuqori darajadagi o‘zaro tushunish va qo‘shma harakatlarga tayyorlikning guvohi bo‘ldik.

O‘zbekiston yondashuvi biz uchun juda ham muhim. Aminmanki, erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshiriladi, oldinda bizni faol qo‘shma faoliyat kutmoqda. Muntazam tadbirlar o‘tkazish va barcha yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni rivojlantirish zarur.

Ayniqsa, mamlakatlarimiz o‘rtasida sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari kabi sohalarda sheriklikni mustahkamlash zarurligini qayd etmoqchiman. Ishonchim komil, hamkorlikni kengaytirish nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun turkiy dunyoga foyda keltiradi.

Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi rahbari Oqto‘ti Raimqulova madaniy hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bishkekda o‘tgan sammitda Turkiy xalqlar folklori ko‘p jildlik to‘plamini yaratish tashabbusini ilgari surgan edi. Ushbu taklifni amalga oshirish jamg‘arma oldidagi muhim vazifa hisoblanadi. Taniqli olim-folklorshunoslar va tilshunoslar ko‘magida yetti tomli to‘plam tuzdik. Qadimiy dostonlardan iborat Birinchi jilddan o‘rin olgan “O‘zbek xalqining qahramonlik dostonlari” bo‘limi muqaddimasini Prezident Shavkat Mirziyoyev yozgan.

O‘zbekiston yetakchisining taklifi biz uchun juda qadrli va shu bois mazkur nashr ham muhim ahamiyatga ega.

Turkiy investitsiya jamg‘armasi prezidenti Bag‘dod Amriyev O‘zbekistonning TDTga a’zo mamlakatlar iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishdagi salmoqli hissasini ta’kidlab, xususan Prezidentimizning tuzilmani shakllantirish va mustahkamlashdagi alohida rolini qayd etdi:

– O‘zbekiston TDTning to‘laqonli a’zosi sifatida turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shmoqda. Ayniqsa Prezident Shavkat Mirziyoyev jamg‘armamiz asoschilaridan biri sifatida tuzilmani mustahkamlashda bizni faol qo‘llab-quvvatlab kelyapti. Ishonchimiz komil, bu ko‘mak mamlakatlarimiz manfaatlariga, jamg‘arma yanada muvaffaqiyatli faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.

Umuman, bu galgi TDT sammiti nafaqat hamkorlikning strategik yo‘nalishlari muhokama qilingan samarali maydon vazifasini o‘tadi, balki O‘zbekistonning turkiy dunyo siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlashdagi yetakchilik rolini tasdiqladi. Hamkorlar tomonidan berilgan yuqori baho mamlakatimizning kuchayib borayotgan mavqeini namoyon etib, turkiy ittifoq barqaror va birdam rivojlanishiga qaratilgan tashabbuslarimiz tan olinayotganidan dalolat.

Aziza Alimova tayyorladi.

O‘zA