Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TDT mintaqasida xavflarni boshqarish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi
13:45 / 2025-09-09

2025 yilning 6-8 sentyabr kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahri Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bojxona xizmati rahbarlarining XI uchrashuviga mezbonlik qildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov ham ishtirok etdi.

Shuningdek, nufuzli anjumanda Turkiy davlatlar  tashkiloti Bosh kotibi Quvonchbek Omuraliyev hamda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston bojxona xizmati rahbarlari va Vengriya bojxona ma’muriyati vakili qatnashdi. 

Joriy yilning yanvar oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ijrosi tahlil qilindi. Jumladan, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish, buning uchun milliy tizimlarni o‘zaro integratsiyalash orqali yagona dastur ishlab chiqish masalasining joriy holati tahlil qilindi.

Faoliyatga "Yagona darcha" va "Yagona bekat" kabi chora-tadbirlarni tatbiq etish orqali chegara o‘tkazish punktlarida to‘xtashlar sonini kamaytirish, rasmiylashtirish uchun sarflanadigan vaqtni  qisqartirish, pirovardida savdo va tashish tartibotlarini soddalashtirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Shuningdek, tranzit tashuvlarida elektron plombalar va zamonaviy kuzatuv texnologiyalarini keng tatbiq etish masalasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

 Uchrashuvda asosiy e’tibor 2022 yilda Samarqandda imzolangan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi to‘g‘risida”gi Bitimni amaliyotga tatbiq etishga qaratildi.

O‘zbekiston bojxona xizmati rahbari mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada tezlashtirish, xususan, joriy yilning oktyabr oyiga qadar “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi to‘g‘risida”gi Bitimning texnik ishlarini yakunlab, tajriba tarzida ishga tushirish zarurligini ta’kidladi.

TDT mintaqasida “E-Tir” tartibotini joriy etish bo‘yicha  Harakatlar rejasining ijrosi ko‘rib chiqilar ekan, bu borada ham Bojxona qo‘mitasi raisi tashkilot doirasida yagona yondashuvga zarurat kuchli ekanligini qayd etdi.

Bugungi kunda TIR Konvensiyasining 2021 yil maydan kuchga kirgan elektron tartiboti – "E-Tir" xalqaro tizimi dunyoning 80 ga yaqin davlatlarida amalda qo‘llanilmoqda.

TDT hududida yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirishda ham “E-Tir” tartibotini joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, mazkur tartibot bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirishdan transport xarajatlarini kamaytirishgacha bo‘lgan bir qator afzalliklarga ega. Masalan, hozirda bir dona XYT kitobchasini chop etish, saqlash va foydalanish uchun o‘rtacha 5 AQSH dollari sarflanadi. Tashkilotga a’zo davlatlarda esa yiliga millionlab XYT kitobchasi hamon qog‘oz shaklida qo‘llanilmoqda.

Shu bois, O‘zbekiston tomoni Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi va BMTning Avtomobil transporti xalqaro ittifoqi bilan birgalikda mazkur masalada uchrashuv tashkil qilish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, yakunda TDT mintaqasida “E-Tir” tartibotidan foydalanish yuzasidan Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Turkiston uchrashuvi yakunida TDT mintaqasida Xavflarni  boshqarish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hamda bojxona Laboratoriyalari sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumlari ham imzolandi.

TDTga a’zo davlatlar bojxona xizmati rahbarlarining  Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi doirasida Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Ozarbayjon Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Sh.Bagirov bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi joriy yilning 7 oyida salkam 135 mln. AQSH dollarini tashkil qildi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga oshgan.

Mavjud imkoniyatlardan kelib chiqilsa, bu raqamlar hali yetarli emas. Ikkala davlatning tashqi savdo ishtirokchilarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bojxona sohasidagi hamkorlikni ham yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

Hozirda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida bojxona sohasidagi hamkorlikning asosini 2 ta hukumatlararo va 8 ta idoralararo  bitimlar tashkil qiladi.

Ushbu hujjatlarni hayotga keng tatbiq etish, jumladan, o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini to‘laqonli qamrab olish maqsadida tomonlar 2025-2026 yillarda o‘zaro hamkorlikning yangi rejasini ko‘rib chiqdi va imzoladi.

O‘zbekistoning "Sirdaryo" va Qozog‘istonning "Atameken" bojxona postlari o‘rtasida yangi ko‘prik qurilishi hamda "Sirdaryo" bojxona postini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihaoldi hujjatlari yuzasidan fikr almashildi.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA