Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh prokurorlarining 4-yig‘ilishi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Asad Majid Xon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Konstruktiv muloqot chog‘ida tomonlar idoralararo hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi va hamkorlikni kengaytirish hamda tajriba almashishni izchil davom ettirishga kelishib oldi.

N. Yo‘ldoshev TDT va IHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar qonun ustuvorligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida 2026 - 2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
N.Abduraimova,
O‘zA