Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TDSHUda yapon tili bo‘yicha respublika notiqlik ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi
18:29 / 2021-04-17

2021 yil 17 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yapon tili bo‘yicha 29-respublika notiqlik ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, O‘zbekistondagi yapon tili o‘qituvchilari jamiyati, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan Xalqaro Yaponiya fondi, O‘zbek-Yapon markazi (UJC), Nagoya universitetining mamlakatimizdagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.

Tanlovda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillari instituti, Qorqalpoq davlat universiteti talabalari hamda TDSHU qoshidagi akademik litsey, O‘zbek-Yapon markazi (UJC), Noriko o‘quv markazi tahsil oluvchilari ishtirok etdi.

Yapon tili bo‘yicha 29-respublika notiqlik ko‘rik-tanlovining raisi sifatida ishtirok etgan O‘zbekistondagi Yaponiyaning Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama kirish so‘zida: “Men O‘zbekistonda juda ko‘p talabalar yapon tilini o‘rganayotganidan benihoya mamnunman. Bugun tanlov  ishtirokchilari o‘zlarining kundalik mashg‘ulotlari natijalarini to‘liq namoyish etishiga ishonaman. Bunday tanlovlarda ishtirok etish, shubhasiz, siz yaponshunos yoshlari uchun katta tajriba bo‘ladi”, deb ta’kidladi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva tadbir mohiyati, 29 yil ichida ushbu tanlov yuqori saviyaga ko‘tarilgani, bu o‘z navbatida mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stlik va strategik sheriklikka hamohang ekanini qayd etdi.

Tanlov ishtirokchilari soni yildan-yilga ortib, ular o‘z fikrini yapon tilida notiq sifatida keng jamoa oldida erkin ifoda etishi, mavzular ko‘lami va fikrni ifoda etish usullari o‘ziga xosligi yaponiyalik hakamlari tomonidan e’tirof etildi.

Ko‘rik-tanlovda TDSHU yaponshunoslik fakulteti 1-bosqich talabasi Asadbek Jamoliddinov g‘alaba qozonib, yapon tili bo‘yicha Markaziy Osiyo tanloviga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tadbir sovrindorlari va ishtirokchilari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Elyor Mahmudov,

TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori