Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sayid Ali Asad G‘iloniy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘i universitet va Pokiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida urdushunoslikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ta’lim, ilmiy hamda madaniy sohalardagi hamkorlikka oid masalalar, aniq takliflar muhokama etildi. Shu bilan birga, uchrashuv davomida universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva martabali mehmonga mazkur oliy o‘quv yurti faoliyati, xususan urdushunoslik yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Sayid Ali Asad G‘iloniy tegishli yo‘nalishlardagi hamkorlik bo‘yicha har tomonlama amaliy yordam berilishini va bu borada elchixona aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqishini ta’kidladi. Elchi janoblari yaqinda TDSHU mutaxassislari uchun “Pokiston tashqi siyosati” mavzusida turkum ma’ruzalar tashkil etish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

- Universitetimizda mazkur o‘quv yilidan O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar vakillarini o‘quv jarayoniga jalb etish yo‘lga qo‘yildi, - dedi xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Elyor Mahmudov.
- Jumladan, Janubiy Koreya, Turkiya va Misr Arab Respublikasi diplomatlari belgilangan mavzular asosida tizimli ravishda ma’ruza o‘qishyapti. Pokistonlik hamkorlarimizni ham o‘quv jarayoniga jalb etilishi nafaqat ushbu davlat tashqi siyosati, balki bugun mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi sheriklik ko‘lami to‘g‘risida talabalarga batafsil ma’lumot berish imkonini yaratadi.
Tadbir so‘ngida Sayid Ali Asad G‘iloniy 2009 yil TDSHUda Pokiston elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Pokiston markazi” bilan tanishdi. Bu yerda mutaxassislar, urdushunos talabalar bilan suhbatlashib, ularning o‘quv va ilmiy faoliyatidan xabardor bo‘ldi.
O‘zA