Joriy yilning 29 sentyabridan 3 oktyabrigacha Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan V xalqaro moliyaviy xavfsizlik olimpiadasi o‘z yakuniga yetdi. Ushbu nufuzli ilmiy musobaqaning final bosqichida 40 ta davlatdan 600 nafardan ortiq iqtidorli talaba ishtirok etdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari mazkur xalqaro olimpiadada mamlakat sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijalarga erishdi. Xususan, universitetning Moliya fakulteti talabasi Madina Usmonova hamda Iqtisodiyot fakulteti talabasi Yulduz Mahmudova faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medal sohibi bo‘lishdi.

TDIU axborot xizmati rahbari G‘ulomjon Nazarovning ta’kidlashicha, ushbu olimpiada birinchi darajali xalqaro ilmiy tanlovlar qatoriga kiradi. G‘olib va sovrindor talabalar “Moliyaviy xavfsizlik” yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tanlovsiz grant asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa TDIU talabalari uchun xalqaro ta’lim maydonida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
–Ta’kidlash joizki, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida shakllangan yuqori ilmiy muhit, professor-o‘qituvchilarning ilmiy rahbarligi, “Ustoz-shogird” maktabi va talabalarning amaliyotga qaratilgan nazariy bilim olishlari bugun o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
Xususan, universitetda barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha xalqaro reytinglardagi TOP-300 talikka kiruvchi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalari, fan dasturlari va kompetensiyalarga asoslangan malaka talablari chuqur o‘rganilgan holda milliy tizimga integratsiya qilingan. Universitetning 6 ta ta’lim yo‘nalishi nufuzli xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan sifat nazorati va baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Universitetda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish tashkilotlarida kafedra filiallari tashkil etilgan. Talabalar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha olgan nazariy bilimlarini amaliyot muhitida - tijorat banklari, moliya tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari va byudjet tashkilotlarida mustahkamlamoqda.
TDIUda talabalar iqtidorini yuzaga chiqarish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasi o‘laroq, Rossiyaning Krasnoyarsk shahridagi V Xalqaro moliyaviy xavfsizlik olimpiadasida ikki talabamiz kumush medal, Bolgariya va Turkmanistondagi xalqaro matematika tanlovlarida universitet jamoasi yakka va jamoaviy tarzda birinchi o‘rinni, “Al-Xorazmiy” xalqaro olimpiadasida esa talabalar faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan, – dedi G‘.Nazarov.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA