Yurtimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar hamda bolalar bilan ishlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Qonunchilik palatasining majlisida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Deputat Jasur Jumayevning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasi bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlarda majburiy tartibda prokurorning ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq qo‘shimchalar kiritilmoqda. Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, birlamchi ko‘mak xonalariga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar uchun bank kartasini tiklash soddalashtirilmoqda.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni maxsus markazga joylashtirish muddati amalda 30 kungacha edi. Endilikda bu muddat 6 oygacha uzaytirilmoqda. Shuningdek, jabrlanuvchini maxsus markazga joylashtirish hamda undan chiqarish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tarkibiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar ham kiritilmoqda. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar, ularga va ularning voyaga yetmagan farzandlariga tegishincha nikohni qayd etganlik to‘g‘risida va tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilmoqda.
Loyihadagi normalar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari manzilli ijtimoiy himoya qilinishiga, yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishiga xizmat qilishi ta’kidlanib, uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA