Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakillariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan ariza, shikoyat va da’volar taqdim etish, sud majlislarida ularning vakili bo‘lish huquqi berilmoqda. Reabilitatsiya davrida ish haqi saqlangan qo‘shimcha ta’til mexanizmi joriy etilmoqda.
Qonunga ko‘ra, ota-ona vaqtincha yashash joyida bo‘lmagan taqdirda vasiylik yoki homiylik masalalari bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda hal etiladi.
Farzandlikka olish ishlari sudda ko‘rib chiqilayotganda bolaning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organlari bolalarning eng ustun manfaatlardan kelib chiqqan holda sudga xulosa taqdim etishi lozim.
Majlisda “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ham muhokama qilindi.
Prezidentimizning 2023-yil 25-yanvardagi farmoniga muvofiq Madaniy meros agentligi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida belgilandi.
Shu munosabat bilan, ma’muriy islohotlar doirasida bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining transformatsiya qilinishi munosabati bilan qonunchilik hujjatlariga ularning rasmiy nomlarini aniqlashtirishga qaratilgan tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun madaniy meros sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirish hamda sohadagi qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA