Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyalari tomonidan Yangihayot tumanidagi “Tashabbus”, “Yangihayot”, Sirg‘ali tumanidagi “Sug‘diyona” va Yakkasaroy tumanidagi “Yakkasaroy” MFYlarida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.
Yangihayot tumanidagi “Tashabbus” MFYda o‘tgan davra suhbatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining sudyasi Farxod Sharipov uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, ularning mazmun-mohiyatini yig‘ilish qatnashchilariga atroflicha tushuntirib berdi.
— Inson huquq va erkinlklarini ta’minlashda Konstitutsiyaning “Inson huquq va erkinliklarining kafolatlari” deb nomlangan 10-bobi muhim ahamiyatga ega. Chunki, inson huquq va erkinliklarining hayotdagi ro‘yobi, uni ishonchli amalga oshirilishi murakkab jarayon hisoblanadi. Istiqlolning asl mohiyati – insonni va uning hayotini ulug‘lashdir. Bosh Qomusimizning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy qadriyatlarga asoslanishi, inson va uning hayoti, erkinligi sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatni qurish ko‘p jihatdan huquqiy ta’limning muvaffaqiyatli amalga oshirilishga bog‘liq, — deya huquqiy bilimlarni keng targ‘ib qilish va siyosiy-huquqiy madaniyatni uyg‘unlashtirish, inson huquqlari ustuvor bo‘lgan jamiyatni barpo etishda hamda fuqarolarining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi Farxod Sharipov.
Shuningdek, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Salima Ishankulova, FIB Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi G‘ayrat Ergashev, sud raisi o‘rinbosari Elvira Xamrayeva, sudyalar Sharof Mo‘minov, Ziyodaxon Soliyeva, Farxod Sharipov, Aziz Raxmonov kun tartibidan o‘rin olgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati, davlat organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari xususida ham to‘xtalib o‘tishdi.
Xususan, mazkur Qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini, jismoniy zo‘ravonlik deganda xotin-qizlarga nisbatan og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazishning o‘zga choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli ekanligini, zo‘ravonlik bu xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik)dan iborat bo‘lishini, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi bu o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs bo‘lishi mumkinligi haqida tushuncha berildi.
— Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi qator huquqlarga ega, ya’ni, o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish, ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa ularni bu haqda xabardor qilish, sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishi to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi, — deydi FIB Yakkasaroy tumanlararo sudi rais o‘rinbosari Elvira Xamrayeva.
FIB Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Ziyodaxon Soliyeva kun tartibidagi galdagi masala – “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatinini tushuntirib berdi:
— Jumladan, demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan bir vaqtda davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etilishi hokimiyatning obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hokimiyatga nisbatan norozilikka sabab bo‘ladi. Korrupsiyaning ma’lum bir mamlakatda rivojlanishi esa o‘sha davlatning tanazzuliga olib keladi. Korrupsiya harakatlariga: amaldor, huquqni muhofaza qilish, sud, soliq, bojxona, ta’lim, tibbiyot yoki ma’muriy muassasalar, shuningdek, har qanday xususiy korxonaning mansabdor shaxsiga pora berish, mahalliy yoki chet el amaldori va xalqaro tashkilot amaldorini pora berish orqali sotib olish, davlat mansabdor shaxsi tomonidan mulkni talon-toroj qilish, g‘ayriqonuniy o‘zlashtirish yoki undan tashqari boshqa maqsadda foydalanish, shaxs tomonidan shaxsiy boylik orttirish yoki uchinchi shaxsning boyishi maqsadida o‘z obro‘si yoki xizmat mavqeidan foydalanish, korrupsiya harakatlaridan daromad olish, oshna-og‘aynigarchilik yoki urug‘-aymoqchilik misol bo‘la oladi, — deydi sudya.
Shuni aytish mumkinki, bugungi globallashuv davrda davlat va jamiyatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiya deb atalmish salbiy illatning mavjudligi barchamiz uchun favqulodda holat, deb baholanmog‘i kerak.
Uchrashuvlarda sudyalar tomonidan fuqarolarning sudga murojaati bo‘yicha qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zA