Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’zimdamiz, sizga, aziz ustozlar!
14:38 / 2022-09-28

1 oktyabr – O‘ituvchi va murabbiylar kuni

O‘qituvchilar mehnatini qadrlash va nufuzini yanada oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar natijasi o‘laroq, o‘qituvchi va murabbiylik kasbi tom ma’noda qadr va e’zoz topmoqda. 

Navoiy shahridagi 8-sonli informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘tishga ixtisoslashtirilgan maktabi nafaqat shaharda, balki viloyatda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ta’lim maskanlaridan biri hisoblanadi. 

Maktab hovlisi, foyesi va barcha sinfxonalar turli gullar bilan bezatilgan. Kishining bahri-dili yayraydi. Ko‘ngilda qandaydir iliqlik paydo bo‘ladi, kayfiyat ko‘tariladi. Bu holat har kuni bilim olish ishtiyoqida maktabga qadam qo‘ygan har bir o‘quvchi uchun begona emas.

[gallery-8949]

– Maktabimizda 4312 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda, – deydi maktab direktori Foziljon Bo‘riyev. – Ularga 285 nafar malakali ustoz-murabbiy zamonaviy ta’lim andozalari asosida, ko‘rgazmali qurol va innovatsion texnologiyalardan keng foydalangan holda dars bermoqda. Yurtimizda zamonaviy bilim maskanlarida jonkuyarlik va fidoyilik ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va murabbiylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish bo‘yicha o‘ziga xos yangi tizim joriy etilganligi har bir o‘qituvchidan katta mas’uliyat talab etadi. Ular o‘z ustlarida tinimsiz ishlab, yangiliklardan muntazam ravishda xabardor bo‘lib bormoqda, dars jarayonlariga yangi pedagogik uslublarni joriy etish yo‘lida izlanmoqda. Gulnora O‘rinova, Farog‘at Obloqulova, Komil Rahmonov singari o‘qituvchilarimizning dars ishlanmalari respublika miqyosida ommalashtirilgan bo‘lsa, Dilorom Hakimova, Shahnoza Sharipova, O‘ktam Toshqulov, Dilrabo Pardayeva singari o‘nlab o‘qituvchilarimiz o‘quvchilarimizning mehrini qozonib, ularning sevimli ustozlaridan biriga aylangan. O‘z navbatida o‘quvchilarimiz ham turli tanlov, sport musobaqalari va bellashuvlarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan joy egallab kelmoqda.

Qariyb 30 yildirki o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berib kelayotgan Dilorom Hakimova ziyoli oilada tug‘ilgan. 1993 yilda Navoiy davlat pedagogika institutini tugatib, faoliyatini Navoiy shahridagi 8-maktabda boshlagan. Bir muddat, ya’ni 2008-2009 o‘quv yilida shahardagi 2-sonli akademik litseyida ishladi. Yana jonajon maktabiga qaytib, ish faoliyatini davom ettirdi. 

– Yoshligimdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganman, – deydi D. Hakimova. – Maktabni tamomlab pedagogika institutiga hujjat topshirishimni aytganimda ota-onam meni qo‘llab-quvvatlagan. 1993 yildan buyon o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelaman. Bugun o‘quvchiga qanday bilim berilsa, ertaga uning natijasi shunday bo‘ladi. Hozirda shogirdlarim turli sohalarda mehnat qiladi. Bayramlarda, yaxshi kunlarimda ular menga yelkadosh. Ularning “Ustoz”, deya murojaat qilishlari menga kuch bag‘ishlaydi. Yanada ko‘proq o‘qishim, izlanishim kerakligini his qilaman, darslarda yangi-yangi pedagogik uslublardan foydalangan holda o‘quvchilarning diqqatini tortishga harakat qilaman. Har bir yangicha uslub o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi.

Tinimsiz o‘qib-o‘rganish, izlanishlar o‘z samarasini berdi. Oliy toifali o‘qituvchi Dilorom Hakimova 2021 yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Albatta, xalq ta’limi xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilayotgani, qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘qituvchilarning yanada faol ishlashi, yosh avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishida muhim omil bo‘lmoqda.

G‘azal mulkining sultoni Hazrat Navoiyning esa “Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila”, degan misralari ularning mehnatiga berilgan munosib bahodir.



Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov, O‘zA