Oqoltin tumanida ayollar bandligini ta’minlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Eng muhimi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 951 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shu bilan birga, tadbirkorlikka qiziqish bildirgan 309 nafar xotin-qizga 5 milliard 876 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. “Sayxunobod” tajribasi asosida 485 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlik bo‘yicha o‘qitildi. Bu esa ularning kelajakda mustaqil ish boshlab, oilasi farovonligiga hissa qo‘shishi uchun muhim poydevor bo‘ldi.

Shu jarayonda tumandagi “Sardoba Textile” MCHJning o‘rni alohida. Korxonada 250 nafarga yaqin ishchi mehnat qilmoqda, ularning 180 nafari ayollardir. Yaqin kunlarda yana 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Korxonada asosan tikuv-trikotaj buyumlari, bolalar kiyimlari va maxsus formalar ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning katta qismi Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda.
“Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan Mehri Mashrabboyeva ham ana shunday imkoniyatdan foydalanib, korxonada ish boshladi.
– Ishlaydigan ishing, daromad keltiradigan yumushing bo‘lmasa, rosa qiyin ekan. Chunki buni ko‘p bor boshimdan o‘tkazganman. Endi esa ishlaydigan ishim, oilam uchun naf keltiradigan mehnatim bor. Farzandlarimning o‘qishi, kiyimi uchun o‘z hissamni qo‘shishim, uyimizda farovonlik yaratish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan baxtiyorman. Korxonada ish sharoitlari ham yaxshi, eng muhimi, o‘rganish va rivojlanish imkoniyati mavjud, – deydi Mehri.

– Bu yerda ish sharoiti qulay. Hamkasblar bilan nafaqat bajarayotgan ishimiz, balki hayot xursandchiliklari haqida ham fikr almashib, tajriba orttiryapmiz, – deydi korxonada faoliyat ko‘rsatayotgan Dilfuza Toirova.
– Ayollarni ish bilan ta’minlash — ularning moddiy mustaqilligini kafolatlaydi, oilalarda farovonlik va barqarorlikni mustahkamlaydi. Shu bois tumanda turli sohalarda ayollar uchun ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. “Sardoba Textile” misolida ko‘rib turganimizdek, ishlab chiqarish korxonalarida ayollarning faol ishtiroki ham iqtisodiyot, ham jamiyat uchun katta samara beradi, – deydi Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva.
Izchil chora-tadbirlar tufayli tumanda ishsizlik muammosi bosqichma-bosqich hal etilib, oilalarda farovon hayot, jamiyatda esa ijtimoiy barqarorlik ta’minlanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri