Buxoroda qurilish materiallari, to‘qimachilik, neft va gaz hamda kimyo sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm uchun mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik sohalari bo‘yicha hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Yarmarka mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbirda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va ish ko‘lamini kengaytirish uchun buyurtmalar portfelini (shartnoma va memorandumlar) shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoroda 2021 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 20,8 trillion so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, joriy yil yanvar–avgust oylarida 16 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 23 trillion so‘mni yoki o‘tgan 2021 yilga nisbatan 106 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Viloyatdagi kichik biznes sanoati korxonalari tomonidan ham 2021 yilda 8,1 trillion so‘mlik yoki 118,5 foizga ko‘p sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi.
[gallery-8904]
Mahalliylashtirish dasturi doirasida esa 2020 yilda 248,2 milliard so‘mlik va o‘tgan 2021 yil yakuni bilan 802,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ishlab chiqarish hajmi 3,2 barobarga oshirilishi ta’minlandi. Buning natijasida joylarda 1 ming 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Asosiy rivojlangan sohalar bu neft-gaz sanoati, paxtani qayta ishlash, yengil sanoat, qurilish materiallari sanoatlarida o‘sish va yutuqlarga erishilayotgani barobarida charm-poyabzal ishlab chiqarish, elektrotexnika, farmatsevtika sanoati ham hududda bosqichma–bosqich rivojlantirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligining birgina paxtachilik tarmog‘ida viloyatda o‘rtacha 345,3 ming tonna sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtiriladi. Shundan 124,3 ming tonnadan ziyod paxta tolasi qayta ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi hamda 2022 yilda to‘qimachilik korxonalari tomonidan to‘liq siklli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganligini inobatga olib, tayyor tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga e’tibor kuchaytirilgan. Bu borada ayni kunda o‘nlab korxonalarda xom ashyoga bo‘lgan talab oshmoqda.
Yarmarkada 140 taga yaqin mahalliy korxona 500 turdan ortiq mahsuloti bilan qatnashayotgan bo‘lsa, shundan qo‘shni Navoiy, Qashqadaryo, shuningdek, Surxondaryo, Andijon kabi viloyatlardan tashrif buyurgan 80 taga yaqin tadbirkorlik sub’ekti o‘z tovarlari taqdimotini ham tayyorlagan.
Yarmarka yuksak saviyada tashkil etilib, tadbirning boy biznes dasturi, samaradorlikni ta’minlash, mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish, sanoat kooperatsiyasini tashkil etish va ichki bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni mahalliylashtirishni nazarda tutadi.
Yarmarkaning ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi hamda yarmarkadan o‘rin olgan tadbirkorlik sub’ektlari, korxonalar va ular taqdim etayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA