Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tayyor boylikni asrab, undan foydalana olmasak, avlodlar bizni kechiradimi?
14:45 / 2019-10-04

Yurtimizda joylashgan Sarmishsoy hududi bugun dunyo e’tiborini tortmoqda.


Yurtimizda joylashgan Sarmishsoy hududi bugun dunyo e’tiborini tortmoqda. Yo‘qsa, har yili o‘ng mingdan ziyod xalqaro miqyosdagi olimlar-u izlanuvchilar aynan uni ko‘rish, o‘rganish uchun o‘zlarining qimmat vaqtlari va mablag‘larini sarflamagan bo‘lardi. 

Nemis olimlaridan biri bu qoyalar haqida taassurotlarini aytayotib, “Shunday katta boylik ustida yashaysizlar-u lekin uning qadrini bilmaysiz. Agar bu tarixni o‘rgansangiz, o‘qiy olsangiz, jahonda sizdan boy inson va mamlakat bo‘lmaydi,” degandi afsus bilan.

Minglab yillik insoniyat tarixini o‘z bag‘riga yashirgan bu maskanda ayni vaqtda chorva mollari o‘tlab yuribdi. O‘zini hurmat qilmaydigan ayrim “rassom”lar tufayli “ S+M” va shunga o‘xshash yozuvlar petrogliflar orasida ko‘zga tushgan “dog‘” bo‘lib turibdi.

1948 yildan boshlab o‘rganilgan bu qoyalarning pastidan yuqorigacha bo‘lgan balandligi 7- 8 metr atrofida bo‘lib, pastidan yuqori qismigacha turli-tuman holatlar tasvirlangan rasmlar chizilgan.

– Sarmishsoy darasi va uning atroflaridagi soylardan o‘ng mingdan ortiq qoyatosh cypatlapi aniqlangan va bu petrogliflar o‘zida 35 mavzudagi obraz va syujetlarni aks ettiradi, – deydi "Sarmishsoy Navoiy" dam olish maskani direktori Nafisa Vohidova. – 7- 9 ming yillik tarixga ega bu qoyatoshlar yurtimizdagi yagona pichoqkesar qoyatosh hisoblanadi. Bu degani, har bir tosh juda o‘tkir va u bilan nimanidir, hatto go‘sht kesish mumkin. Shu kabi omillar asosida aytish mumkin-ki, bu yerga hech bir mehmon shunchaki tushib qolmaydi. Balki internet sahifalarida O‘zbekistonning qaysi joylariga borishni o‘rganib, qiziqib keladi. Ko‘pchiligi esa bu qoyalar haqida biz bilmagan ma’lumotlarni bilgani uchun nimalarnidir aniqlashtirishga keladi.

Xorijliklarni hayratlanganicha ham bor. Axir Sarmishsoy petrogliflari eng qadimiy uslublarda ishlangan bo‘lib, ularning orasida buqa, tog‘ echkisi tasvirlari ko‘p uchraydi. Ular yuqori paleolit davridan boshlangan qadimiy davr ovchilik madaniyatiga xos uslubda tasvirlangan. Agarda tarixiy manbalarga e’tibor qilsak, shunga ko‘ra o‘xshash tasvirlar Zarautsoy (O‘zbekiston), Qobuston (Ozorbayjon) va Arabiston yarim orolida topilgan. Ba’zi bip palezoolog olimlapning taxminlariga ko‘ra-miloddan avvalgi 2-ming yillikning ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyoda qadimiy buqa va tog‘ echkilarining coni keskin kamaygan va miloddan avvalgi 1-ming yillik arafasida ular butunlay yo‘qolib ketgan.

Ayni kunlarda esa ular aks etgan, bebaho yodgorligimiz qoyatoshlar ham yo‘qolib ketish arafasida. Zero, ayni vaqtda dara atrofi juda ayanchli holatga kelib qolgan. U qoyada aks etgan ba’zi noyob suratlar o‘g‘irlab ketilgan. Bu yilgi yog‘ingarchilikda esa qoyatoshlarning ko‘p qismi suv ostida qolib, sinib tushgan. Ming afsus hozirda xarob ahvolga kelib qolgan mazkur maskanni hech kim himoya ham, muhofaza ham qilmaydi. Hatto, uning atrofida tashkil etilgan va asosiy mijozi ushbu qoyalarni ko‘rishga keladigan dam olish maskani xodimlari ham bu qoyalarga beparvo. Mahalliy aholidan tashqari kelgan mehmonlar ham qoyalarga istagancha munosabat ko‘rsatishi, zarar yetkazishi mumkin.

– Dam olish maskanimiz 32 gektarni tashkil qiladi, –deydi N.Vohidova. –Biz shu hudud atrofini himoya qilish va qo‘riqlashga mas’ulmiz. To‘g‘risi, mehmonlar bu hududdan chiqib ketgach, ularni nima bilan shug‘ullanishiga javobgar emasmiz. Qoyatosh rasmlariga kelsak, u yerlar davlat himoyasida bo‘lib, muzey qo‘riqxona hisoblanadi. Agarda atrofi obodonlashtirilib, ta’mirlansa ma’lum haq evaziga kiradigan tartib ishlab chiqilsa, yaxshi bo‘lardi. Axir, tarixiy maskanlarga borgan xorij fuqarosi to‘lovlarni amalga oshiradi. Shu tariqa mavjud tarixiy ob’ektni talon-toroj qilish emas, to‘g‘ri foydalanishimiz kerak.

Shu manzilda yashovchilarni ma’lum qilishlaricha, bu manzilga yaqinda Germaniyadan bir olim kelgan ekan. U “Qizil kitob” ga kiritilgan o‘simliklarni o‘rganuvchi mutaxassis ekan. Uning haftalab bu makonda qolib ketganidan hayron bo‘lishadi. Shunda olim qoyatoshlar orasida Qizil kitob”ga kiritilgan, ming dardga davo o‘simlik topgani aytadi. Vaholanki, dunyodagi eng qimmat dori – darmonlarga qo‘shiladigan va biz dollarga xorijdan xarid qiladigan dorilar tarkibida muhim o‘rin tutuvchi bu o‘simlikni aynan shu hududda o‘sishi haqida mahalliy aholi ham olimlarimiz ham bexabar ekan. Balki, bu kabi qanchadan-qancha bebaho o‘simliklarni bilmay bosib ketgan yoki oddiy o‘t xayol qilib yulib tashlagandirmiz.

Bu yerlarda noyob hayvonlar, boshqa hududlarda uchramaydigan bo‘ri va tulki turlari, qushlar haqida aholini fikrlarini tinglab, bu hududlarda o‘zimizning olimlarimiz ham juda serqatnov bo‘lsa kerak-a? degan savolga, biror marta ham etnograf yoki arxeologiya bilan shug‘ullanadigan olimlar, ekologiya vakillari bu yerlarda ko‘rinmaganini qayd etishdi. Bu ma’lumot haqiqatga yaqinga o‘xshaydi, yo‘qsa internetni qidirganimizda Sarmishsoy qoyalari haqida ko‘proq ma’lumot uchratgan bo‘lardik. Hozircha esa, deyarli hech bir gap yoki izlanishlar yo‘q.

Nahot, biz o‘tmishimiz va kelajagimizga shu qadar e’tiborsiz xalqmiz?! Sarmishsoy flora va faunasini, tarixini uzoq yurtlardan olimlar o‘rganishga kelsa-yu, shu xalq orasidan yetishib chiqqan olimlar sukut saqlasa. Ular qaerda va nima bilan mashg‘ul? Bu maskani qo‘riqlaydigan, himoya qiladigan biror bir tashkilot bormi? Nahot, shuncha asrlarda o‘tib, yashab kelgan o‘tmish darakchilari, noyob qoyatosh rasmlari bizning davrimizda yo‘qolib, buzilib ketsa. 

Tayyor boylikni asrab, undan foydalana olmasak, avlodlar bizni kechiradimi?