Tayvan AQSH kompaniyasi bilan birgalikda tayyorlangan birinchi raketasini namoyish qildi. Bu "Xitoyning harbiy tahdidiga qarshi turish uchun" shiddat bilan rivojlantirilayotgan Taypey va Vashington harbiy hamkorligi yo‘lida muhim qadamdir, deyilgan “Reuters” xabarida.
“Anduril Industries” mudofaa startapi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va “Barracuda-500” nomi berilgan ushbu qurilma harbiy kemaga guruh bo‘lib hujum uyushtirish uchun mo‘ljallangan. Raketa shahid-dronlarga yaqin ish tamoyilidan foydalanadi. Orol shu tariqa "Pekin bosimi ortib borayotgan bir paytda" Qurolli kuchlari tizimini kuchaytirishga intilmoqda.
XXR mudofaa vaziri Dong Jun darhol bayonot berib, "mamlakat armiyasi Tayvandagi ayirmachi kuchlar mustaqillik yo‘lida muvaffaqiyatga erishishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligi"ni ta’kidladi:
— Xitoy xalq ozodlik armiyasi har doim vatanni birlashtirish g‘oyasini himoya qiluvchi yengilmas va qudratli kuch bo‘lib kelgan. Hech qachon Tayvan mustaqilligiga erishish yo‘lidagi hech bir separatistik urinish muvaffaqiyat qozonishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
S.Rahimov, O‘zA