Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Taymetov. G‘alaba parvozi” xalqaro mediaforumda eng yaxshi film bo‘ldi
16:11 / 2025-05-21

“Uzbekistan Airports” AJ tashabbusi bilan suratga olingan 22 daqiqalik “Taymetov. G‘alaba parvozi” nomli film Moskvada “Xudojestvennыy” kinoteatrida bo‘lib o‘tgan “Madaniyatlar muloqoti” XIX Xalqaro media-forumida namoyish etildi.

Film bolaligidan parvoz qilishni orzu qilgan, mashaqqatli sinovlarga bardosh bergan va milliy aviatsiya afsonasiga aylangan inson taqdiri haqida hikoya qiladi.

Qayd etish lozimki, mazkur xalqaro media-forum 20 yildan beri o‘tkazib kelinadi.  Dunyo bo‘ylab tashrif buyuradigan  media ekspertlarini birlashtiradigan eng yirik platformalardan biri sanaladi.  

— Film premerasi shunday keng ko‘lamli forum doirasida bo‘lib o‘tgani  biz uchun katta sharaf, – deydi film rejissyori Eldor Yo‘ldoshev. – Ushbu mashhur kinoteatrda so‘nggi o‘n yildan buyon ilk marotaba  o‘zbek filmi   namoyishi bo‘lib o‘tdi.   Bu "anshlag" ijodiy guruh uchun katta xursandchilikka sabab bo‘ldi.  Dunyo e’tirof etgan,  faxrlansak arziydigan ajdodlarimiz bor. Bundan 80 yil muqaddam   o‘zbek o‘g‘lonlarining ismi tarixga oltin harflar bilan yozib qo‘yildi. Abdusamat Taymetov o‘zining to‘rt nafar jangovar safdoshi bilan birgalikda Berlindan Moskvaga Germaniyaning urushda so‘zsiz taslim bo‘lgani to‘g‘risidagi bayonnomani olib kelishdek sharafli vazifani qoyilmaqom etib bajardi.  

Premerada O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi, “Moskino” mutasaddilari  va dunyoning 30 dan ortiq davlatidan media sohasi yetakchi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda taqdim etilgan 30 ta film orasida “Taymetov. G‘alaba parvozi” XIX  Xalqaro “Madaniyatlar muloqoti” mediaforumida eng yaxshi film sifatida maxsus diplom bilan taqdirlandi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA