Tayland va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatdi, zarar baholanmoqda
Tayland hukumati Kambodja bilan chegarada besh kun davom etgan qurolli mojarodan ko‘rilgan zararni hisoblab chiqmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, 5 kunlik ziddiyatdan taxminan 308 million AQSH dollar zarar ko‘rilgan.
Mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari va moliya vaziri Phichai Choonxavachiraning so‘zlariga ko‘ra, yetkazilgan zararning yakuniy miqdori ancha yuqori bo‘lishi mumkin, shu sababli hukumat nizo oqibatlarini bartaraf etish uchun dastlab 770 million AQSH dollari ajratishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumki, dushanba kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Tayland va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini va bu kelishuv mahalliy vaqt bilan yarim tunda kuchga kirganini aytgandi. Shuningdek, muhokamalarda chegara bo‘ylab qo‘shinlarni joylashtirishdan voz kechish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
S.Rahimov, O‘zA