Tayani: Vashington vaziyatni keskinlashtirmoqchi emas
O‘zA hamkori ANSA axborot agentligi xabar berishicha, Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Bryusseldagi yettilik guruhi savdo vazirlari uchrashuvidan so‘ng AQSH bilan yangi tarif siyosati bo‘yicha muhit ijobiy holatda ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sud tomonidan Prezident Donald Tramp joriy etgan keng qamrovli boj bekor qilinishi va keyinchalik 15 foizlik yangi stavka e’lon qilinishidan so‘ng tomonlar keskinlashuvni istamayapti.
Mulozim avval kelishilgan tarif darajasini yangi huquqiy asosda saqlab qolish mumkinligiga ishonmoqda. Zero, uchrashuv davomida Vashington vaziyatni og‘irlashtirmaslikdan manfaatdorligi yaqqol sezilgan.
Tayani e’tirof etganidek, Italiya hamkor davlatlar bilan muzokara tarafdori sifatida amaldagi kelishuvlarga rioya etilishini kutmoqda. AQSH bilan “samarali muloqot bosqichi” boshlangan, savdo urushi yoki tajovuzkor pozitsiya kun tartibida emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA