Turkiyaning Anqara shahrida “O‘zbekiston-Turkiya strategik munosabatlari — kelajakning keng qamrovli istiqbollari” mavzusida simpozium bo‘lib o‘tdi. Unda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov ham ishtirok etdi.
J.Tursunov o‘z ma’ruzasida xavfsiz va ravon yo‘llarni qurish davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasida transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi bo‘yicha taqdimot qildi.
Tadbirda O‘zbekistonda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ajratilgan yo‘l bo‘yi mintaqalari tashqarisida joylashgan bino-inshootlarga kirib-chiqish yo‘llarining shaharsozlik normalariga mos ravishda qayta qurilishi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi investorlarning nafaqat yo‘llarni qurish, ta’mirlash va saqlash, balki davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yo‘l qurilish materiallari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish, yo‘l xo‘jaligi sohasi uchun kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini qurishga doir 150 dan ortiq loyiha bo‘yicha takliflarini qabul qilish uchun ochiqligi ham aytildi.
Bugungi kunda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan umumiy qiymati 8,3 milliard dollar bo‘lgan 4 ta yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, respublikamizda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida ikkita mega loyiha — “Toshkent — Samarqand” hamda “Toshkent — Andijon” pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Simpozium doirasida “Taxtaqoracha” dovonida tonnel qurish hamda 4 R12 “Bektemir sh.—Chirchiq sh.—G‘azalkent sh.—“Chorbog‘ qo‘rg‘oni” avtomobil yo‘lining 6—77 km qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pullik yo‘lga o‘tkazish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA