Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taxtako‘pirda xalqaro etno-madaniy festival o‘tkazildi
22:20 / 2025-11-22

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida joylashgan “Beltov” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Tax-tepa” etno qishlog‘ida xalqaro etno-madaniy festival o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni festivalning ochilishi munosabati bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakatimizning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etish, shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hisobiga turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan davlatimiz rahbarining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan nafaqat shahar va tuman markazlarida, chekka qishloqlarda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Darhaqiqat mamlakatimizda asrlar davomida turli millat vakillari yagona xalq bo‘lib, ahil-inoq yashab, yurtimiz taraqqiyotiga o‘zining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda.

Taxtako‘pir tumani markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan “Beltov” ovul fuqarolar yig‘inida oldinlari sharoit og‘ir edi. Prezidentimizning alohida e’tibori bilan hududda “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, bugun chin ma’noda yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Ushbu hudud yonida Borshitau tepasida barpo etilgan, o‘tmishimizdan darak beruvchi, milliyligimizni o‘zida mujassam etgan “Tax-tepa” etno-qishlog‘i hududga yanada o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlamoqda.

Mazkur etno-madaniy festivalning aynan shu joyda o‘tkazilganida katta ma’no bor. Chunki bu yerda qurilgan 70 ta qora uy yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarining o‘zligini namoyon etib turgan bo‘lsa, qo‘shni qishloqlar manzarasini o‘zida mujassam etgan, paxsadan kurilgan 16 ta uy ajdodlarimizning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Festival doirasida tashkil etilgan turli tadbirlar, qardosh xalqlarning milliy urf-odat va an’analari aks etgan sahna ko‘rinishlari, milliy raqs va qo‘shiqlar ijro etilishi, xalqimizning milliy o‘yinlari, baxshi va jirovlarning ajoyib chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi. Yuksak saviyada tashkil etilgan festival xorijdan kelgan mehmonlar, mahalliy aholida katta taassurot qoldirdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T. Xudaybergenov, Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi B. Atamkulov lar ishtirok etishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA