O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chiqargan farmon va qarorlari asosida Orolbo‘yining boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Taxtako‘pir tumanida ham ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu qulayliklardan samarali foydalanib kelayotgan zamondoshlarimiz o‘z biznes g‘oyalarini to‘liq ro‘yobga chiqarib, hududlarda o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yanada kengaytirgan holda aholi bandligini ta’minlash va shu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda soha egalari tumandagi o‘zgarishlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Besh gektar maydonni egallagan donni qayta ishlash korxonasi o‘z faoliyatini to‘xtatganiga ancha bo‘lgan. Prezidentimizning tadbirkorlarga bergan imtiyozlari taxtako‘pirlik Allayar Madreymov uchun yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imkoniyat eshigi bo‘ldi. Natijada tadbirkor imtiyozli kreditlar evaziga ko‘p tarmoqli “Kausar tegirmon” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
[gallery-26197]
Press-tur ishtirokchilarining dastlabki manzili qiymati 878 ming AQSH dollari bo‘lgan Junni qayta ishlash korxonasi bo‘ldi. Yiliga 1 ming 200 tonna jun mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega korxona byudjetga 1,3 milliard so‘m foyda keltiradi.
Mazkur korxona egasi mahalliy aholi uchun sifatli un mahsulotlari ishlab chiqarishni ham maqsad qildi. Bugungi kunda 46 milliard so‘mlik donni qayta ishlash loyihasini ishga tushirish arafasida turibdi. Bu yerga Turkiya davlatidan eng so‘nggi zamonaviy uskunalar keltirilib, hozirda ularni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Zamonaviy uskunalarni to‘g‘ri o‘rnatish aholiga sifatli un yetkazib berishda muhim sanaladi. Korxona to‘liq ishga tushgach, yiliga 10 ming tonna un mahsuloti ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
–Bizlar Taxtako‘pirda Turkiya texnologiyasi asosida donni qayta ishlovchi zamonaviy un zavodini quryapmiz. Bundan oldin O‘zbekistonning 11 hududida, shu jumladan, Amudaryo tumanida “Qipchoq” un zavodini qurib ishga tushirgan edik. Taxtko‘pirlik tadbirkor bilan tuzilgan o‘zaro shartnoma asosida sutkasiga 45 tonna donni qayta ishlovchi un zavodi qurib berilmoqda. Hozirgi kunlarda barcha zarur asbob-uskunalar o‘rnatilib, ular texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Yaqin kunlar ichida Qoraqalpog‘istonda yana bir un zavodi ishga tushadi. Bizlar mahalliy tadbirkorlarga o‘zimizning yordamimizni berayotganimizdan juda xursandmiz va kelgusida ham bu yo‘nalishda ishlaymiz , – deydi turkiyalik Fatix Mexmet.
Ma’lumki, Taxtako‘pir tumani chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, bu uchun bir qator imtiyozlar berilgan. Tadbirkor bu imkoniyatlardan ham to‘g‘ri foydalangan tadbirkor loyiha qiymati 32 milliard so‘mlik chorvachilik hamda sutni qayta ishlash korxonasini ishga tushirdi. Jurnalistlar bu joyda ham bo‘lib, ish jarayonlari bilan tanishishdi. Fermer xo‘jaligiga Germaniya, Daniya va Ukrainadan 120 bosh naslli qoramol olib kelingan bo‘lib, ularning soni bugungi kunda 170 boshdan oshdi.
Sutni qayta ishlash loyihasining ishga tushirilishi chorva mollaridan samarali foydalanish imkonini berdi. Bu fermerlar uchun barqaror bozor, aholi uchun esa sifatli sut mahsulotlari, shuningdek, yangi ish o‘rinlari demakdir.
Tumandagi ushbu loyihalar hamda tadbirkorlarning intilishlari nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbai yaratishga xizmat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iySTzazWaUc" title="Taxtako‘pirda tadbirkorlik tobora rivoj topmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev, O‘zA muxbirlari