Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida joriy yilning 22 iyun kuni Ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar o‘rtasida “Barchamiz birdam – Vatan mustahkam” shiori ostida madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkaziladi.
Tadbir oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Umida Abdullayeva, vazirlikning Jamoat xavfsizligi departamenti Kadrlar bo‘limi boshlig‘i polkovnik Anvarjon Muydunjonov, Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati rahbari podpolkovnik Muzifa Sultanova ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining 452 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 485 nafar yosh, ichki ishlar organlarining 43 nafar rahbar xodimiga nomma-nom biriktirildi. Ushbu biriktirilgan yoshlarning 485 nafari bilan yakkama yakka uchrashib, ularning 200 nafaridan ortig‘ida ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik uchun kredit ajratish, moddiy yordam olish, yoshlar daftariga kiritish, harbiy xizmatga borish va boshqa masalalardagi turli muammolar mavjudligi aniqlandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 5 oyi davomida 30 nafarga yaqin yosh ishga joylashtirildi, 6 nafari kasb-hunarga o‘qitilmoqda hamda 36 nafarining boshqa masalalardagi muammolari ijobiy hal etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2025 yil 14 fevral kuni yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida, shuningdek, ma’naviy dunyoqarashlarini yuksaltirish hamda “Yoshlar oyligi” doirasida mazkur tadbir o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tadbir tashkilotchilari hisoblanadi. Mazkur tadbirlarda 200 nafar yosh va 100 nafar ichki ishlar organlari xodimi ishtirok etishi kutilmoqda. Unda Ichki ishlar xodimlari va yoshlardan iborat 4 ta jamoa o‘rtasida belgilangan sport estafetalari bo‘yicha bellashuv o‘tkaziladi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanadi. Shuningdek, tadbir doirasida “General va yoshlar” uchrashuvi o‘tkaziladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri