Taxmina Ikromova uchun jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tmoqda
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi “Park Olimpiko” arenasida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatining yakkalik ko‘pkurash yo‘nalishida bulava va tasmada mashq bajarish bo‘yicha saralash bahslari yakunlandi.
Unda O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Taxmina Ikromova bulavada 29.600 ball, tasmada mashq bajarishda 27.500 ballga ega chiqdi. Shu tariqa, yakkalik ko‘pkurash yo‘nalishida jami 86.300 ball bilan 4-pog‘onadan joy oldi. Yana bir gimnastikachimiz Anastasiya Saranseva esa umumiy hisobda 82.700 ball to‘pladi va19-o‘rinni egalladi.

Bugun, ushbu yo‘nalishda final bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ko‘pkurash final bosqichiga saralash natijalariga ko‘ra eng yaxshi 18 gimnastikachi yo‘l oladi. Ular ikki guruhga bo‘linadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “B” guruhida saralashda 10-18-o‘rinlarni egallagan gimnastikachilar joylashsa, “A” guruhidan 1-9- o‘rin egalari joy oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA