Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan faol yoshlarga tavsiyanomalarni rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rahbariyati, Yoshlar ittifoqi mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari va talabalar ishtirok etdi. Unda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, faolligi va jamiyatda munosib o‘rin egallashini qo‘llab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ayni tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy o‘quv yurtlariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi qarori asosida faol yoshlardan biri – Dilso‘z No‘’monovaga tavsiyanoma topshirildi.
U Farg‘ona davlat universitetining “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘nalishiga davlat granti asosida qabul qilindi.

Tadbirda universitet rektori Bahodir Shermuhammadov yangi o‘quv yili bilan barcha talabalarni tabriklar ekan, faol yoshlarning, xususan, Dilso‘z No‘’monovaday tashabbuskorlarning yutuqlari boshqalar uchun namuna bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat kengashi raisi Alisher Anvarov ham so‘zga chiqib, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
Bunday loyihalar yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni jamiyatda faol ishtirok etishga undaydi.

Nilufar Bozorova, O‘zA