Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tavakkalchilikka asoslangan totalizator shoxobchasi tashkil etgan fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortildi
17:28 / 2021-03-16

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Buvayda tumani markazida tavakkalchilikka asoslangan totalizator shoxobchasi tashkil etilganligi va bu haqda tashqi reklama o‘rnatilib, telefon raqamlarini ko‘rsatgan holda xorijiy totalizatorlarga pul o‘tkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat bo‘yicha viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lumot taqdim etdi.  

Buvayda tuman ichki ishlar bo‘limining ushbu masalaga tezkor munosabati va holat yuzasidan o‘tkazgan tezkor surishtiruvi natijasida “Buvayda” mahalla fuqarolar yig‘ini Guzar mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro G‘.I. o‘ziga tegishli bo‘lgan uyali aloqalarga to‘lov shoxobchasi oldiga totalizator xizmatini targ‘ib qilgan reklama banneri o‘rnatgani aniqlandi. Olib borilgan qo‘shimcha surishtiruvlar natijasida G‘.I. sherigi “Qilotepa” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. bilan birga internetdagi xorijiy mamlakatlarda faoliyat yurituvchi onlayn pul tikib o‘ynaladigan o‘yinlar uchun fuqarolardan naqd pul olib, o‘zlarining elektron hisobidagi pullardan ularning hisoblariga o‘tkazib berayotganligi ma’lum bo‘ldi.  

Ushbu holat yuzasidan fuqarolar G‘.I. va A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 191-moddasi 3-qismiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudiga yuborildi.  

Bugun, 16 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi tomonidan ushbu masala ko‘rib chiqilib, fuqarolar G‘.I. va A.A.ning har biriga eng kam oylik ish haqining besh barobari, ya’ni 1 million 225 ming so‘mdan jarima jazosi belgilandi.  

Ma’lumot uchun, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar mamlakatimiz qonunchiligi bilan ta’qiqlangan. Bu tur o‘yinlarni tashkil etish va ularga o‘smirlar va yoshlarni jalb etishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarga barham berish, qimor biznesining rivojlanishi salbiy oqibatlarining oldini olish, qimor o‘yinlari tashkilotchilari va qatnashchilarining javobgarligini kuchaytirish hukumatimizning alohida e’tiboridadir va bu ko‘plab tegishli qonunlar bilan belgilab qo‘yilgan.

M. Sulaymonov, O‘zA