Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi yangiliklar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish maqsadida qonunchilikdagi yangiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda davlatimiz rahbarining 2024 yil 19 apreldagi “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.
Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.

Lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning tartibi belgilandi. 2025 yil 1 yanvardan lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar 2015 yil 1 yanvardan bu faoliyatdan olingan jami daromadidan (to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda) 4 foiz stavkada soliq to‘laydi.

Jismoniy shaxslarning litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
Lotereya va internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA