Samarqand mintaqaviy va global rivojlanishning dolzarb masalalari muhokama etiladigan o‘ziga xos maydonga aylanib bormoqda.
Siyosiy muloqot tilida “Samarqand ruhi” degan tushuncha paydo bo‘ldi.
Joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkaziladi. 17-18 avgust kunlari esa qadimiy va hamisha navqiron kent SHHT Xotin-qizlar forumiga mezbonlik qiladi. Bundan tashqari, sammit oldidan yana bir qator siyosiy, iqtisodiy, madaniy tadbirlar, anjuman va muloqotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Samarqandda mazkur tadbirlarga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar va boshqa davlatlar xalqlariga “Samarqand ruhi”ni yetkazish maqsadida bugun kun sayin chiroy ochib borayotgan shaharda rassomlarning pleneri o‘tkazildi.
Rossiya, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan kelgan hamda o‘zbekistonlik o‘ttizga yaqin rassom ikki hafta davomida tabiiy muhit va sharoitda Samarqand shahridagi Registon majmuasi, Shohi Zinda yodgorligi, Amir Temur maqbarasi, Hazrati Xizr masjidi va boshqa tarixiy-madaniy obidalar, diqqatga sazovor joylarni o‘z asarlarida tasvirladi.
– Samarqand va Buxoroni ko‘rish va bu yerda ijod qilishni ko‘pdan beri orzu qilardim,– deydi Sankt-Peterburg madaniyat va san’at universiteti dotsenti, rassom Tatyana Anisimova. – Bu shaharlar ijodkor uchun cheksiz ilhom bag‘ishlaydi. SHHT sammiti oldidan menga ham shunday imkoniyat yaratib berilganidan juda xursand bo‘ldim. Samarqandda bo‘lgan kunlarim davomida keyingi ijodim va talabalarim bilan ishlash uchun juda katta material to‘pladim. Umid qilamanki, akvarel rang tasviridagi asarlarim SHHTga ko‘rgazmasiga o‘ziga xos yorqinlik baxsh etadi.
Mo‘g‘ulistonlik rassom Ganzorig Ser-od mazkur plener zamonaviy shaharlardagi temir-betondan chiqib ketish, madaniyatning eng qiziqarli yodgorliklari bilan tanishish fursati bo‘lganini alohida ta’kidladi.
– Samarqanddagi plenerda ishtirok etish taklifini olishim bilanoq, ko‘k gumbazlar tushlarimga kira boshladi, – deydi u. – Lekin Shohi Zinda majmuasiga borib, bu yerning ulug‘vorligi, o‘ziga xos arxitekturasi va ko‘k rangning xilma-xilligidan hayratda qoldim. Ochiq osmon ostidagi ikki haftalik ijodiy ishlarimda Samarqand tarixiy obidalarining ko‘rku salobatini, eng muhimi, o‘zbek xalqi madaniyatining o‘ziga xosligini aks ettirishga harakat qildim.
Samarqanddagi plener davomida ishlangan asarlar SHHT sammiti doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ko‘rgazma va madaniy tadbirlarda namoyish etiladi.
G‘.HASANOV, O‘zA