Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’til – 2021: “Zomin” oromgohida bolalar maroqli hordiq chiqarmoqda
18:50 / 2021-06-19

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining mavsum oldidan to‘la ta’mirlangan “Zomin” o‘quvchilar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi 140 nafar o‘g‘il-qizni qabul qildi.

Turkiston tog‘ tizmasi xushmanzara bag‘rida 1982 yilda barpo etilgan ushbu oromgog‘ning bino va inshootlari o‘tgan davrda birmuncha eskirgan edi. Shuning uchun manzilli dastur asosida oromgohda katta hajmda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Muassasada amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari davomida eski pavilonlar o‘rnida yangi yotoqxona binosi qurildi. Yotoqxonaning sanitariya va gigiyena talablariga to‘liq mos keluvchi keng, shinam va yorug‘ xonalari doimiy issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan. Zamon talablariga mos oshxonada esa, har bir bola butun dam olish davrida faqat o‘zi uchun ajratilgan o‘rinda tanovul qilishi ko‘zda tutilgan.  

Oromgohning ma’naviyat va ma’rifat xonasida 500 dan ortiq badiiy va o‘quv adabiyotlari jamlangan. Dam oluvchilarning futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoit mavjud.

Oromgohning ochilishida viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, ota-onalar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari oromgohda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, muassasada o‘quvchilarning yozgi ta’tilni ko‘ngilli o‘tkazishlari uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rilganligini e’tirof etdi.

— O‘quvchilar oromgohda 12 kunlik dam olish davrini maroqli o‘tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi “Zomin” sog‘lomlashtirish oromgohi bosh yetakchisi Elbekjon Barakayev. — Oromgohda ingliz, rus va koreys tillarini o‘rganish, mental arifmetikani o‘zlashtirish, tasviriy san’at va badiiy ijodga undovchi to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi. Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi asosida ishlab dastur bo‘yicha o‘quvchilarni ma’naviy va jismoniy faollikka undovchi turli qiziqarli, musobaqalar, interfaol tadbirlar uyushtiramiz.

Mavsum boshlanishidan oldin oromgoh jamoasining barcha a’zolari – bu yerga keladigan bolalar, pedagoglardan tortib, xizmat ko‘rsatish tizimi vakillarigacha to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kovidni aniqlovchi PZR test topshirdi. Oromgohning o‘zida malakali tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat ichki ishlar organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi tomonidan oromgoh yo‘llanmalarini arzonlashtirish choralari ko‘rilib, ona-onalarga yengillik yaratildi. Yo‘llanma narxining 47,5 foizi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, 25 foizi esa, viloyat ichki ishlar organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi hisobidan to‘lab berilmoqda.

Oromgohda yozgi ta’til davrida uch bosqichda jami 420 nafar o‘quvchining hordiq chiqarib sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.

T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat), O‘zA