Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’til – 2021: Andijonda kunduzgi oromgohlarda 14 ming nafarga yaqin o‘quvchi dam oladi
12:42 / 2021-06-08

Joriy o‘quv yili yakunlanib, o‘g‘il-qizlar yozgi ta’tilga chiqdi.

Bolajonlarning eng sevimli davri hisoblangan yoz fasli ularning qalbiga olam-olam quvonch, hayrat va hayajon, unutilmas lahzalarni tortiq etishi bilan ajralib turadi.  

Mamlakatimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodning har jihatdan yetuk, barkamol voyaga yetishlarini ta’minlashda, ularni sog‘lomlashtirishda bolalar dam olish oromgohlarining o‘rni va ahamiyati nihoyatda katta. Ayni kunlarda umumta’lim maktablari qoshida tashkil etiladigan oromgohlarni mavsumga tayyorlash, bolalarning mazmunli dam olishlarini tashkil etish borasida zarur ishlar olib borilmoqda.

Buloqboshi tumanidagi 6-umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan "Qaldirg‘och" kunduzgi bolalar oromgohida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

"Yozgi mavsumda bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda kunduzgi oromgohlarning o‘rni" mavzusidagi seminarda tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosarlari, umumta’lim maktablari qoshida tashkil etiladigan kunduzgi oromgohlar rahbarlari hamda ularning bosh tarbiyachilari ishtirok etdi.  

– Yozgi ta’til davrida viloyatdagi umumta’lim maktablari qoshida 46 ta kunduzgi oromgoh tashkil etiladi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. – Oromgohlarning har davrasida 4 ming 600 nafardan, jami 13 ming 800 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan. Ayni kunda oromgohlar faoliyatini belgilangan talablar darajasida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Seminar davomida oromgohga bolalarni qabul qilish jarayoni, oromgohlar faoliyati, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama etildi. Bolalarning ko‘ngilli xordiq chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Mutaxassis va mutasaddilar tomonidan belgilangan ishlarni tashkil etish, oromgohlar faoliyatida olib boriladigan jarayonlar amaliy ko‘rgazmalar orqali namoyish etildi.  

Oromgohlarda bolajonlarning maroqli va mazmunli dam olishlari ko‘p jihatdan u yerda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning bilim va malakasiga bog‘liq. Shu bois ham oromgohlarda ish olib borish uchun yetarli tajriba va malakaga ega pedagoglar, tarbiyachilar, tibbiyot xodimlari jalb etiladi. Bundan tashqari, oromgohlarda koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olish, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilinishini nazoratga olish, oromgohlar qoshida tashkil etiladigan tibbiy punktlar ishini namunali yuritish borasida ham zarur choralar belgilandi.  

Mazkur kunduzgi oromgohlar faoliyati joriy yil 10 iyundan boshlanishi ko‘zda tutilgan.

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA