Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston – Tatariston sog‘liqni saqlash kunlari doirasida Jizzax viloyatiga tashrif buyurgan Tatariston sog‘liqni saqlash vaziri Marsel Minullin boshchiligidagi delegatsiya dastlab Qozon federal universitetining Jizzax filiali faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu oliy ta’lim muassasasi Prezidentimizning 2021 yil 28 avgustdagi “Jizzax shahrida “Qozon (Volga bo‘yi) federal universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, hozir oliy ta’lim muassasasida 650 nafardan ziyod talaba 11 bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda.
Tatariston sog‘liqni saqlash vaziri Marsel Minnulin ushbu oliy o‘quv yurtida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, talabalar bilan suhbatlashib, yoshlarning shijoati, ilm olishga bo‘lgan intilishidan mamnunligini bildirdi va kelgusi o‘qishlarida omad tiladi.
[gallery-14693]
Viloyat hokimi Ergash Saliyev Tatariston sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda viloyat tibbiyot muassasalari hamda Tataristonning nufuzli klinika va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, sog‘liqni saqlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlar hokimlik hududida yoshlar uchun tashkil etilgan “IT Park”, Jizzax shahridagi Prezident maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda iqtidorli o‘g‘il-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar delegatsiya a’zolarida chuqur taassurot qoldirdi.
Tataristonlik nufuzli mehmonlar Jizzax viloyati ko‘ptarmoqli tibbiyot markazining yangi qurilayotgan binosida bo‘lib, 270 o‘ringa mo‘ljallangan markazning qabul va jarrohlik bo‘limlari loyihalarini ko‘zdan kechirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari