Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tatar va boshqird xalqlarining milliy bayrami – Sabantuy tadbirlari o‘tkazildi
14:22 / 2025-05-26

O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlarning o‘z milliy urf-odatlari, qadriyatlari, milliy bayramlari, an’ana va udumlari bor.

Bunday udumlarni bugungi yosh avlod qalbiga singdirish, ularni milliy urf-odatlardan boxabar qilish maqsadida turli bayram tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.  

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent shahar Markaziy bog‘ida tatar va boshqird xalqlarining milliy bayrami – Sabantuy tadbirlari o‘tkazildi.

Ushbu tadbir Toshkent shahar Tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy markazi, A.Z.Validiy nomidagi Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazildi.

Bog‘ning asosiy sahnasida bayramning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Q.Sariyev yig‘ilganlarni samimiy tabriklab, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida O‘zbekistonda milliy taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga asos solingani, millatlararo totuvlik, barcha millat va elat vakillarining madaniyati, tili, urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishga yanada keng sharoitlar yaratib berilganini ta’kidlab o‘tdi.  

Bayramning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar har bir millat vakillariga o‘z milliy urf-odat va bayramlarini bemalol o‘tkazishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etishdi.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston Respublikasi, Boshqirdiston, Tataristonning yetakchi san’atkorlari va boshqa badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokida bayram konserti tashkil etildi.  

Sportning kurash, armsterling, tosh ko‘tarish, kamondan o‘q otish turlari bo‘yicha musobaqalar, arqon tortish, lanka tepish, qop ichida yugurish, suvni to‘kmasdan yugurish, somon to‘ldirilgan qoplar bilan jang, ustunga chiqish, qoshiqda tuxum olib yugurish kabi milliy o‘yinlar o‘tkazildi.

Qolaversa, bayram dasturida O‘zbekiston, Tatariston va boshqirdistonlik hunarmandlar ko‘rgazmasi va milliy taomlar festivali ham bo‘lib o‘tdi.  

So‘lim bog‘ qo‘ynida tashkil etilgan bayram dasturi va sport musobaqalari barchaga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.  

N.Rahmonova,

O‘zA