Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2026” turnirining 12-tur bahslari ostonasiga kelib, Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov Masters” guruhida yetakchilikni qo‘lga kiritishdi.
Kecha o‘tkazilgan 11-tur bahsida Sindorov qora donalarda hindistonlik Arjun Ergaisiga qarshi dona surdi.
Qiziqarli va kutilmagan vaziyatlarga boy kechgan uchrashuvning 66-yurish holatiga kelib, Hind shaxmatchisi taslim bo‘lganligini tan oldi. Bu o‘z navbatida Javohirning 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 1-o‘ringa ko‘tarishiga olib keldi.

O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov 11-turda niderlandiyalik Jorden van Forestga qarshi qora donalarda harakatlandi.
Nodirbekning hujumkorligi, Niderlandiya vakilining himoyalanishi ko‘rinishiga o‘tgan o‘yinning 29-yurishdan keyin boshlangan takroiy dona surishlar oxir-oqibat bahsda murosa yo‘li tanlanishiga olib keldi.

Bugun, 31 yanvar kuni Nodirbek Abduksattorv oq donalarda germaniyalik Mattias Blyubaum, Javohir Sindorov ham oq donalarda mazkur turnirning o‘tgan yilgi g‘olibi Rameshbabu Praggnanandxa qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Aytish lozim, Abdusattorovning raqibi Blyubaum ortda qolgan 11 ta turnirning 3 tasida g‘alaba, 7 tasida durang, 1 tasida mag‘lubiyat natijasini qayd etgan. U “Tata Steel Chess-2026”ning 4-turida hamyurtimiz Sindorovdan mag‘lub bo‘lgandi.

Sindorovning raqibi hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa turnir davomida 1 ta g‘alaba, 7 ta durang, 3 ta mag‘lubiyatga ega. U 2-turda Nodirbek Abdusattorovga taslim bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 1 fevral kuni Veyk-an-Zeye musobaqasining so‘nggi kungi 13-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Ardjun Erigaysi bilan, Javohir Sindorov Chexiya vakili Tay Day Van Nguyen bilan ro‘baro‘ keladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA