Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tata Steel Chess-2026”: Sindorov-Abdusattorov durangi muvaffaqiyatga yo‘l ochadimi?
09:58 / 2026-01-28

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2026” turniri 9-turi doirasidagi Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov bahsi ko‘pchilik e’tiborida bo‘ldi.

Aytish lozim, bolalikdan bir-biri bilan raqobatlashib voyaga yetgan shaxmatchilarimizning keyingi yillarda xalqaro musobaqalardagi to‘qnashuvi klassik shaxmatning eng jozibali ko‘rinishini taqdim etmoqda.

Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, Nodirbek uchun Javohir doimo noqulay raqib bo‘lib kelgan. Umumiy hisob, partiyalar va barcha statistikalarda ham bu o‘z aksini topgan.

9-turda Sindorov oq donalarda harakatlangani Nodirbekni biroz sarosimaga soldi. Lekin dunyoning manaman degan grossmeysterlarini dog‘da qoldirgan Abdusattorov bu safar jahon kubogi g‘olibiga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Ochiq o‘tgan o‘yinning 40-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanlashdi.

Aynan ushbu durang qaysidir ma’noda Nodirbekning turnirni g‘alaba bilan yakunlashiga poydevor yaratishi bilan birga, Sindorov uchun ham imkoniyatlar eshigi hali ochiqligiga ishora berayotgandek.

Mazkur turning qolgan bahslarida turnir yetakchiligi yo‘lida hamyurtlarimizni ta’qib etayotgan turkiyalik Yagiz Xan Erdogmus qora donalarda Chexiya vakili Tay Day Van Nguyenni, niderlandiyalik Jorden van Forest oq donalarda Vinsent Keymerni mag‘lub etdi. Amerikalik Xans Nimann hindistonlik Arjun Erigaisi bilan durang o‘ynadi.

Bugun, 28 yanvar kuni o‘tadigan 10 turda Nodirbek Abdusattorov sloveniyalik Vladimir Fedoseyev, Javohir Sindorov Jorden van Forest qarshiligini yengishga harakat qiladi.

O‘ninchi tur ostonasida Abdusattorov 6 ochko bilan "Masters" guruhida yakka peshqadamga aylangan bo‘lsa, Javohir Sindorov 5,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 2-o‘rinni egallab turibdi. Keyingi pog‘onalarda joylashgan Jorden van Forest va  Yagiz Xan Erdogmus hisobida ham 5,5 ochko mavjud.

13 ta turdan iborat musobaqa 1 fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA