Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tkazilgan “Tata Steel Chess-2026” turniri yana bir bor dunyoga o‘zbek shaxmat maktabining intellektual salohiyatini namoyish etdi.
O‘n yetti kunlik shiddatli bahslar natijasida “Masters” guruhida 9 ochko jamg‘argan Nodirbek Abdusattorov 88-bor tashkil etilgan dunyodagi eng nufuzli turnirning g‘oliblari qatoridan o‘rin egalladi.

1938 yildan beri tashkil etib kelayotgan ushbu musobaqa tarixiga e’tibor qaratsak, o‘z vaqtida jahon shaxmatida katta nomga ega bo‘lgan Boris Spasskiy, Mixail Tal, Lyubomir Lyuboyevich, Jon Nann, Anatoliy Karpov, Vishvanatan Anand, Vladimir Kramnik, Garri Kasparov, Magnus Karlsen singari o‘nlab kuchlilar qatorida o‘zbekistonlik vunderkindning nomi joy olgani quvonchli va e’tiborli voqelik bo‘ldi.
Yana bir o‘ziga xos jihat, musobaqada Abdusattorov guruhida munosib o‘yin namoyish etgan hamyurtimiz, jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov o‘tkazilgan 13 ta turda 8,5 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Aytish lozim, joriy yilgi Da’vogarlar turniriga hozirlik ko‘rayotgan Sindorov “Tata Steel Chess-2026” musobaqalari davomida bironta ham o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan “Masters” guruhidagi yagona shaxmatchi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, onlayn reyting hisobida Abdusattorov o‘z ko‘rsatkichini +19,5 ochkoga oshirib, 2770 reyting bilan kuchli beshlikka ko‘tarilishga erishgani, Javohir Sindorov esa +19,4 qo‘shimcha ochko hisobiga 2745 reyting bilan dunyo reytingida 11-o‘ringa chiqqani 2026 yil yurtimiz shaxmatchilari uchun yuqori kayfiyat, ko‘tarinki ruhiy shijoatda boshlanganidan dalolat, deyish mumkin.

– Nodirbek Abdusattorov 4 yildan beri ushbu turnirda ishtirok etadi. Har yili chempionlik ostonasiga juda yaqin kelardi. Bu yil o‘z maqsadiga erishdi. Jahon shaxmatchilari orasida jangovarligi va kurashuvchanligi bilan alohida ajralib turadigan Abdusattorovning g‘olibga aylangani bizni ham xursand qildi. U har jihatdan chempionlikka munosib. Turnir davomida muvozanatli va ishonchli o‘yin namoyish etdi. Kelgusi yilgi musobaqada u o‘z g‘oliblik sharafini munosib himoya qilishiga chorlab qolamiz, – dedi taqdirlash marosimida ishtirok etgan “Tata Steel Chess” turniri direktori Yerun van den Berg.
Eslatib o‘tamiz, Veyk-an-Zeye musobaqasi orqali o‘zbekistonlik yoshlarning tafakkurini dunyoga yorqin ifoda etgan, Vatanimizni ulug‘lagan shaxmatchilarimiz, ertaga erta tongda Toshkentga qaytib keladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA