Bugun, 30 yanvar kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2026” turnirining 11-turda Nodirbek Abdusattorov ham, Javohir Sindorov ham qora donalarda harakatlanadi.

Abdusattorov niderlandiyalik Jorden van Forest bilan, Javohir Sindorov hindistonlik Arjun Ergaisi bilan kuch sinashadi.
Veyk-an-Zeye musobaqasining o‘tgan yilgi bahslariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Nodirbek bir yil muqaddam tashkil etilgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining 5-turida aynan Jorden van Forest bilan ro‘baro‘ kelgan.
O‘shanda ham hamyurtimiz qora donalarda harakatlangan. Abdusattorovning ustunligida kechgan o‘yinning 47-yurish holatida niderlandiyalik shaxmatchi mag‘lub bo‘lganini tan olgan.
Arjun Ergaisi – Javohir Sindorov qarama-qarshiligi xususidagi so‘nggi o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular o‘tgan yili 8-11 dekabr kunlari Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazilgan “Freestyle Chess Grand Slam Tour” turnirining aylanma tizimi musobaqasida bahs olib borgan.
Qora donalarda harakatlangan Javohir tajribali Arjunning ustunlikka erishishiga yo‘l qo‘ymagandi va g‘alabaga teng durangga erishgandi.
Xo‘sh, bugungi bahslardan qanday natija kutish mumkin?
Ortda qolgan 10 ta turning 3 tasini g‘alaba, 6 tasini durang va 1 tasini mag‘lubiyat bilan yakunlagan Jorden van Forest 6 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 3-o‘rinni egallagan vaziyatda yetakchilikka da’vogarlik yo‘lida Nodirbekka munosib qarshilik ko‘rsatishi tayin.
Xuddi shuningdek, 1 ta g‘alaba, 6 ta durang, 3 ta mag‘lubiyat zaxmini tortgan Arjun azaliy raqiblaridan biri sanalgan Sindorovga yo‘l bermaslikka intilishi shubhasiz.

Shunday murakkab va qiziqarli o‘yinlarda hamyurtlarimizga omad tilagan holda ta’kidlash kerakki, eng muhimi, Abdusattorov va Sindorovning katta ruhiy ustunlikka ega ekanligi ularni muvaffaqiyat sari boshlashiga ishongimiz keladi.
Eslatib o‘tamiz, Abdusattorov yetakchilik qilayotgan, Sindorov 2-o‘rinni egallab turgan mazkur turnir 1 fevralga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA