Bugun, 1 fevral kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tayotgan “Tata Steel Chess-2026” turnirining so‘nggi 13-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Turnirning “Masters” guruhida 14 nafar eng mahoratli shaxmatchilar orasida yetakchilikni davom ettirayotgan hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov kecha musobaqaning 12-turida munosib o‘yin namoyish etdi va g‘oliblik ostonasi sari yana bir ishonchli va muhim qadamni tashladi

Nodirbek Abdusattorov oq donalarda germaniyalik Mattias Blyubaum bilan kuch sinashib, 43-yurish holatida germaniyalik grossmeyster mag‘lub bo‘lganini tan oldi.
Javohir Sindorov va ushbu turnirning o‘tgan yilgi g‘olibi Rameshbabu Praggnanandxa o‘rtasidagi bahsda hamyurtimizning harakatiga bir xil qaytariq yurishni amalga oshirgan Praggnanandxa partiyada murosa yo‘li tanlanishiga erishdi.
Mazkur natijalardan so‘ng Nodirbek 8 ochko bilan peshqadamlikni mustahkamlagan bo‘lsa, Javohir 7,5 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarligini davom ettirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ulardan keyingi pog‘onalarni band etgan niderlandiyalik Jorden van Forest, germaniyalik Vinsent Keymer, AQSH vakili Xans Nimann hisobida 7 ochko mavjud.
Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, hamyurtlarimizdan biri Nodirbek yoki Javohir yilning eng nufuzli musobaqalaridan biri g‘olibi bo‘lishga juda yaqin keldi.
Bugun “Tata Steel Chess-2026” turnirining g‘olib va sovrindorlari ma’lum bo‘ladigan oxirgi turda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Ardjun Erigaysi bilan, Javohir Sindorov chexiyalik Tay Day Van Nguyen bilan kuch sinashadi.

Bir qaraganda hammasi ravshan. Hamyurtlarimizning turnir g‘olibiga aylanish imkoniyati deyarli yuz foiz hal etilgan. Nodirbek Arjun bilan murosa yo‘lini tanlasa bas, 1-o‘rin naqd.
Biroq mabodo, kutilmaganda (albatta, bunday bo‘lishini hech birimiz istamaymiz) Abdusattorov Erigaysiga imkoniyatni boy berib qo‘ysa, Javohir durangga erishsa, ularni ta’qib etayotgan Jorden van Forest, Vinsent Keymer, Xans Nimann raqiblarini mag‘lubiyatga uchratsa, barchasining ochkolari 8 tadan iborat bo‘lishi tayin.

Shunday vaziyatda “Masters” guruhida dona surayotgan 14 nafar ishtirokchi orasida bironta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan Javohir Sindorov turnir g‘olibiga aylanishi tayin va bunday holatda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga Abdusattorov 2-o‘rinni egallaydi.
Voqealar rivoji qay yo‘sinda davom etishidan qat’iy nazar e’tirof etmoq lozimki, hamyurtlarimizga Veyk-an-Zeye musobaqalarining bu yilgi aql va tafakkur kurashlari har qachongidan ham omadli, sermazmun o‘tayotgani bilan katta ahamiyat kasb etdi. Uning muvaffaqiyatli yurishi keyingi turnirlarga ruhiy quvvat bag‘ishlashi shubhasiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA