Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Tata Steel Chess-2026": Bugun Javohir - Nodirbek bahsi dunyo e’tiborini o‘ziga qaratadi
10:38 / 2026-01-27

Bugun, 27 yanvar kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2026” turnirining 9-turida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov bahsi bo‘lib o‘tadi.

Turnirning eng kuchli 14 nafar ishtirokchisi jam bo‘lgan "Masters" guruhida yetakchilik qilayotgan Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorovning to‘qnashuvi nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo shaxmat ishqibozlari e’tiborini o‘ziga qaratishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Aytish lozim, bugungi bahs oldidan Nodirbek 5,5 ochko bilan birinchi, Javohir esa 5 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.  

Hamyurtlarimizni ta’qib etayotgan amerikalik Xans Nimann, turkiyalik Yagiz Xan Erdogmus, niderlandiyalik Jorden van Forest hisobida 4,5 ochko mavjudligidan kelib chiqsak, Sindorov-Abdusattorov qarama-qarshiligidagi o‘yin qanday ko‘rinishda yakunlanishidan qat’iy nazar, turnir jadvalidagi karvonboshilik O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarida saqlanib qoladi.

Voqealar rivojidan oldinga o‘tib fikr yuritadigan bo‘lsak, ushbu turda durang natija qayd etilsa, Nodirbek yetakchilikni mustahkamlaydi, Javohir ikkinchi o‘rinda harakatini davom ettiradi.  

Agarki, Sindorov ustunlikka erishsa, o‘z-o‘zidan 6 ochko bilan karvonboshiga aylanadi, Abdusattorov uning asosiy ta’qibchisi bo‘lib qoladi. Aks holat ro‘y bergan taqdirda birinchi raqamli shaxmatchimiz Veyk-an-Zeye turnirining g‘olibligi yo‘lidagi muhim muvaffaqiyatni ta’minlagan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 13 ta turdan iborat bahslar 1 fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA