Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2026” turniri "Masters" guruhida o‘tkazilgan 8-tur bahslarida Nodirbek Abdusattorov raqibiga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Javohir Sindorov g‘alabaga teng durangga erishdi.

14 nafar grossmeyster ishtirokidagi murosasiz bahslarning 8-turida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda niderlandiyalik Anish Giri bilan kuch sinashdi.
Qiziqarli va murakkab kechgan o‘yin avvalida Abdusattorov biroz ustunlikka ega bo‘ldi. Biroq, 30-yurish holatidan keyin vaziyat butunlay niderlandiyalik shaxmatchi foydasiga o‘zgarib ketdi. Bu esa, o‘z navbatida Abdusattorovning raqibiga ochko taqdim etishiga olib keldi.
Ushbu turda Javohir Sindorov germaniyalik Vinsent Keymerga qarshi qora donalarda harakatlanganiga qaramasdan munosib qarshilik ko‘rsatdi va to‘qnashuvni durang natija bilan yakunlanishini ta’minlay oldi.

Ortda qolgan 8 ta turdan keyin Abdusattorov 5,5 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda. Sindorov 5 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Ularni ta’qib etayotgan amerikalik Xans Nimann, turkiyalik Yagiz Xan Erdogmus, niderlandiyalik Jorden van Forest hisobida 4,5 ochko mavjud.
Bugun, 26 yanvar ishtirokchilar uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga, 27 yanvar kuni turnirning 9-turida Javohir Sindorov-Nodirbek Abdusattorov o‘zaro kuch sinashadi. 13 ta turdan iborat xalqaro turnir 1 fevralga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA