Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess-2024” xalqaro turnirining “Masters” guruhida 8-tur bahslari o‘tkazildi. Ushbu turda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan rossiyalik Yan Nepomnyashiy bilan ro‘baro‘ keldi.
Murakkab va o‘ziga xos dramatik tarzda kechgan bahsda Nodirbekning piyodalar joylashuvini izdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan Nepomnyashiy 36 yurish holatida to‘liq ustunlikka ega bo‘lib oldi. Hamyurtimizning keyingi yurishlari ham uchrashuvni durang holatiga keltira olmadi va 65-yurish vaziyatida g‘alaba rossiyalik shaxmatchiga nasib etdi.
13 turdan iborat “Tata Steel Chess-2024” xalqaro musobaqasining 8-turida quyidagi natijalar qayd etildi: Alireza Firuzja – Din Lijen-1:0, Anish – Vey-0,5:0,5, Van Forest – Magsudlu-0,5:0,5, Varmerdam – Praggnanandhaa-0,5:0,5, Szyuy Venszyun – Gukesh-0,5:0,5, Santosh Gujrat Vidit – Aleksandr Donchenko-0,5:0,5.
Ortda qolgan 8-tur o‘yinlaridan keyin turnir jadvalida Dommaraju Gukesh, Anish Giri va Alireza Firuzja 5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ulardan keyingi o‘rinlarda borayotgan Nodirbek Abdusattorov, Rameshbabu Praggnanandhaa, Yan Nepomnyashiy va Santosh Gujrat Vidit 4,5 ochkoga ega holda musobaqadagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Musobaqaning “Masters” guruhida 14 nafar shaxmatchi orasida eronlik Parxam Magsudlu va Germaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Donchenko 2,5 ochko bilan so‘nggi pog‘onalarni egallashgan.
Bugun, 22 yanvar kuni xalqaro turnir ishtirokchilari uchun dam olish kuni etib belgilangan. 23 yanvar kuni o‘tkaziladigan 9-turida Nodirbek Abdusattorov niderlandiyalik Jordan Van Forest bilan bahs olib boradi.
Aytish lozim, Nepomnyashiy – Abdusattorov uchrashuvidagi 36-yurishdagi “burilish nuqtasi” keyingi turlarga ta’sir ko‘rsatmasmikan? Albatta, o‘yin holatidagi vaziyat, ruhiy mundarija qanday bo‘lgani bizga qorong‘u, ammo ertaga niderlandiyalik Jordan Van Forest bilan bo‘ladigan bahs hammasiga oydinlik kiritadi. Qolaversa, ta’kidlamoq kerakki, Abdusattorov – Van Forest o‘rtasidagi o‘tgan yilgi va undan oldingi bahslarning ko‘pchiligida hamyurtimizning qo‘li baland kelgan.
Turning qolgan o‘yinlarida Donchenko – Alireza, Dommaraju Gukesh –Santosh Gujrat Vidit, Praggnanandhaa – Szyuy Venszyun, Parxam Magsudlu – Maks Varmerdam, Vey – Yan Nepomnyashiy, Din Lijen – Anish Giri kuch sinashadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA