Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tasviriy va amaliy san’at haftaligi
12:00 / 2021-04-19

Bu ijodiy loyiha nainki nafis san’at sohasida, balki mamlakatimiz madaniy hayotida ham g‘oyat o‘ziga xos, betakror, qiziqarli, yorqin va amaliy ruhga ega bo‘lgan haftaliklardan sanaladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan 2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali tashkil etildi.

14 yildan buyon o‘tkazilayotgan mazkur ijodiy loyiha davomida O‘zbekiston rassomlari, ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlari o‘zlarining yutuqlari, g‘oyalari va loyihalarini namoyish etish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘layapti.

Ushbu san’at haftaligi Badiiy akademiya tashabbusi bilan qator vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

2021 yilda mazkur festival o‘z loyihalarini biroz o‘zgacha tarzda taqdim etmoqda. Xususan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi ijodiy loyihalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim muassasalarining o‘zida namoyish qilinadi.

Avvalgi yillarda asosiy e’tibor badiiy ta’lim muassasalarining turli bo‘limlari ishlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, festivalda bu yil birinchi navbatda yoshlar loyihalari bilan birga kuratorlarning va O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining ijodiy hamkorlikdagi ishlari taqdim etiladi.

Shunday qilib, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida uzoq kutilgan “Samarqand – Sharq marvaridi” vernisaji hamda O‘zbekiston rassomlarining rangtasvir, grafika, amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi san’at ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otishi, shubhasiz.

Toshkent Fotosuratlar uyida tomoshabinlar "Mening shahrim" loyihasini tomosha qilishi asnosida unda ikki ajoyib rassom Rustam Bozorov hamda Umar Rajabov o‘ziga xos kuzatuvchanliklari orqali bugungi zamonaviy Toshkent qiyofasini va o‘zgarishlarni o‘z palitralari yordamida ochib beradi.

Festival doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ijodkor yoshlar bilan ishlash bo‘limi “Ijod nihollari” (rangtasvir, grafika) loyihasini taqdim etmoqda.

Ikuo Xiroyama Xalqaro madaniyat karvon saroyining bog‘ qismida Toshkent arxitektura-qurilish institutining o‘qituvchilari va ularning talabalari tomonidan zamonaviy landshaft dizayni yaratiladi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Niyozali Xolmatovning “Sharq syuitasi” shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi. Unda marhum ijodkor-ustaning miniatyuralaridan tashqari noyob zargarlik buyumlari va emalga ishlangan asarlari ham namoyish etiladi. Rassomning xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning ishini oilasi, do‘stlari va talabalari davom ettirib kelmoqda.

An’anaga ko‘ra, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi barcha ko‘rgazma zallari va o‘quv muassasalari hududida mahorat darslari, anjumanlar va turli taqdimot marosimlari o‘tkaziladi.

N.Usmonova, O‘zA