O‘zbekiston Badiiy akademiyasi anjumanlar zalida Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab internatlari uchun 2022-2023 yillarda chop etilgan dastlabki o‘quv adabiyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori badiiy ta’lim yo‘nalishida tub o‘zgarishlarga huquqiy asos bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yildagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab internatlarining mutaxassislik fanlari bo‘yicha yangi avlod darsliklari o‘quv metodik qo‘llanmalar, katalog-albomlar va materiallarni tayyorlash hamda chop etish reja jadvali”ga muvofiq 2026 yilga qadar 144 nomda o‘quv adabiyotlarni yaratish va chop etish ro‘yxati tasdiqlanib, jarayonga kirishildi.
Ushbu amaliyotning muhim jihati shundaki, O‘zbekistonda tasviriy san’atga ixtisoslashgan maktablar uchun badiiy ta’lim yo‘nalishida birinchi marotaba mutaxassislik fanlaridan o‘quv adabiyotlari chop etila boshlandi.
Shu bois mualliflar tarkibiga tajribali soha mutaxassislari va o‘qituvchilar bilan birga iqtidorli yosh o‘qituvchilar ham jalb qilindi.
Reja bo‘yicha mualliflar tomonidan 2022 yil uchun dastlab 17 nomdagi o‘quv qo‘llanmalar qo‘lyozmalari tayyorlanib, chop etish maqsadida tender tanloviga havola etildi.
Ulardan 4 nomdagisi “LESSONPRESS”, 13 nomdagisi “ART VERNISSAGE” nashriyoti tomonidan nashrga tayyorlandi.
Tadbirda badiiy ta’limga oid yangi adabiyotlar xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA