Andijon mashinasozlik instituti talabalar yotoqxonasida tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mamlakatimizda talaba yoshlarning yashash sharotini yaxshilash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, kitob o‘qishga, badiiy adabiyot, tasviriy san’at, sport va ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Andijon mashinasozlik instituti talabalar yotoqxonalariga viloyatda ijod qilayotgan musavvirlarning asarlari joylashtirilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.
Musavvirlarning ona Vatan, tabiat manzaralari, yoshlik shijoati, yurtimizdagi bunyodkorlik jarayonlari tasvirlangan o‘ziga xos asarlari talaba yoshlarning tasviriy san’atga qiziqishini oshirish bilan birga, ularning ma’naviyatini, tafakkurini, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.
– Bu kabi tadbirlarimiz talabalar yotoqxonalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlvr samaradorligini oshirishga, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi,–- deydi Andijon mashinasozlik instituti birinchi prorektori Akmaljon Ermatov. – Qolaversa, yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga, ijodiy sohadagi iqtidorini yuzaga chiqarishga yordam beradi.
Namoyish etilayotgan tasviriy san’at asarlari talaba yoshlarga manzur bo‘lmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.